5-oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi T.Narbayevaning mamlakatimizga amaliy tashrif bilan buyurgan YEXHTning odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili V.Richi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan YEXHT o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ochiq va ishonchli muloqotni hamda o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.
T.Narbayeva mamlakatimizda oxirgi yillarda odam savdosiga qarshi kurashishda tizimli islohotlar amalga oshirilganini, Milliy komissiya faoliyatida ushbu illatga qarshi kurashish borasida aniq natijalarga erishilganini, sohada mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha xalqaro hamkor tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan keng ko‘lamli ishlar olib borilganini taʼkidladi.
YEXHT delegatsiyasiga O‘zbekistonda inson xuquqlari tizimini takomillashtirish, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish, munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish, odam savdosiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida maʼlumot berildi.
V.Richi O‘zbekistonda inson xuquqlarini taʼminlash tizimi yuksak darajada ekanligini va mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro xamjamiyat tomonidan yuqori baholanishini taʼkidladi.
V.Richi O‘zbekistonda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan islohotlarga yuksak baho berib, O‘zbekiston tomonining parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlari amaliy hamkorligini kuchaytirish zarurligi to‘g‘risidagi tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatladi. O‘z o‘rnida YEXHT doirasidagi davlatlarning odam savdosiga qarshi kurashishga mutassadi davlat va nodavlat tashkilotlari, parlament va hukumat vakillariga O‘zbekistonning mazkur amaliy taklifini bayon etishi va mazkur hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun YEXHT tomonidan barcha zaruriy ko‘mak ko‘rsatilishi bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar odam savdosiga qarshi kurashish borasida o‘zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishga oid qator masalalar yuzasidan fikr almashdi va kelishib oldi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 07.10.2022
- Ko'rishlar: 5453
- Chop etish