Nukusda o‘zbek tilida chop etiladigan “Qoraqalpog‘iston tongi” va qoraqalpoq tilida chiqadigan “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetalarining 2021 yil 16 oktyabr sonida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markzi direktori, akademik Akmal Saidovning “Elga xizmat qilmoq – yuksak sharafdir” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Maqola qoraqalpog‘istonlik oqsoqol Qallibek og‘a Kamolovning “El xizmatida” nomli salmoqli xotira kitobiga bag‘ishlangan.
Ushbu kitob 1995 yili “Qoraqalpog‘iston” nashriyotida, 2018 va 2019 yillarda esa “Bilim” nashriyotida qoraqalpoq tilida uch marta qayta nashr etilgan. Har bir yangi nashr mazmunan boyitilib, muallifning mustaqillik davrida yurtimizda erishilayotgan ulkan yutuqlarga munosabati bilan izchil to‘ldirib borilgan.
Joriy yilda kitobning qayta ishlangan va to‘ldirilgan to‘rtinchi nashri o‘zbek tilida ilk bor chop etildi. Kitobni yozuvchi va tarjimon G‘afur Shermuhammad tarjima qilgan. Mas’ul muharrir – Nazira Matyaqubova.
Kitobda asosan Qallibek og‘a qoraqalpoq eliga rahbarlik qilgan XX asrning 60-80-yillarida yuz bergan voqea-hodisalar qalamga olingan. Mazkur xotiralarda Qoraqalpog‘istonning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyotiga oid ko‘plab tarixiy voqealar, muhim dalil va raqamlar qayd etilgan.
Ma’lumot uchun: Qallibek Kamolov 1926 yili Orol dengizi bo‘yidagi “Terbenbes” degan makonda dunyoga kelgan. 1963-1984 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga rahbarlik qilgan, bir qator mas’ul vazifalarda ishlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yilda Qallibek Kamolovni «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlagan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.10.2021
- Ko'rishlar: 3720
- Chop etish