Akmal Saidov xalqaro kuzatuvchi Jan-Antuan Dyupra bilan uchrashdi

25 oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarini kuzatish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchi – fransiyalik ekspert Jan-Antuan Dyupra bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratiya muqobillik prinsiplari asosida bo‘lib o‘tgani qayd etildi. Saylov jarayonlarini kuzatish uchun ko‘psonli milliy, xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar jalb etilgani ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirning adolatli va qonuniy, ochiq va oshkora o‘tishida muhim o‘rin tutgani alohida ta’kidlandi.

Mehmonning e’tirof etishicha, O‘zbekistonning koronavirus sharoitida saylov tadbirlarini tashkil etish tajribasi tahsinga loyiqdir. Saylovchilarning faolligi, bir tomondan, saylov huquqi har tomonlama keng ta’minlanganidan dalolat bo‘lsa, ikkinchi tomondan, fuqarolarning mamlakat kelajagiga ishonchi mustahkam ekanini tasdiqlaydi.  

Shuningdek, tomonlar o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, parlemantarizmni rivojlantirish, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash mavzularida anjuman va davra suhbatlari, uchrashuv va muloqotlar, turli amaliy tadbirlar tashkil etish haqida kelishib olindi.

Ma’lumot uchun: Jan-Antuan Dyupra 2017 yildan buyon Yevropada prognozlashtirish va xavfsizlik institutining eksperti hisoblanadi. Mazkur Institut Yevropada tashqi siyosat, taraqqiyot va xavfsizlik masalalariga ixtisoslashgan qariyb 250 nafar ekspert va mutaxassislarni o‘zida jamlagan. 

Institut faoliyatidan ko‘zlangan maqsad – dolzarb mavzudagi xalqaro muammolar va Yevropa hayotiga taalluqli masalalar yuzasidan tadqiqotlar olib borish hamda matbuotda chiqishlar, nashr ishlari va turli tadbirlar tashkil etish yo‘li bilan jahon jamoatchiligini ushbu izlanishlar natijalaridan xabardor etib borishdir.

J.-A.Dyupra mamlakatimizga ilgari ham uch marta tashrif buyurgan. Jumladan, 2014 yil 21 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech