A.Saidov “Frantsiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi raisi E.Morey bilan uchrashdi

Joriy yilning 31 avgust kuni quyi palatada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o'rinbosari A.Saidovning “Frantsiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi raisi E.Morey bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Suhbat avvalida A.Saidov mehmonlarga mamlakatda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar yuzasidan ma'lumot berdi.

E.Morey O'zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 30 yilligi bilan samimiy tabriklab, O'zbekistonning Markaziy Osiyoda strategik o'rni borligi va xavfsizlikni ta'minlashda muhim o'rin egallashini qayd etdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o'rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsion sohalarda parlamentlararo hamda xalqaro tashkilotlar doirasida o'zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatlarimiz parlamentlari o'rtasidagi hamkorlik, ayniqsa, ulardagi do'stlik guruhlari tufayli ancha faollashgani, O'zbekiston bilan Frantsiya o'rtasidagi aloqalar parlamentlararo munosabatlar sohasida jadal rivojlanayotgani qayd etildi. 

Bugungi kunda O'zbekiston – Frantsiya o'rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalarda keng hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilgani, bu say'-harakatlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yilning oktyabrida Frantsiyaga amalga oshirgan davlat tashrifidan so'ng yangi bosqichga ko'tarilgani ta'kidlandi. 

Uchrashuv chog'ida  Afg'onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.

Suhbat yakunida O'zbekiston va Frantsiya o'rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada yuqori pog'onaga ko'tarish maqsadida barcha imkoniyatlarni ishga solish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi.

Uchrashuv do'stona va ochiq ruhda o'tdi.

Manba: parliament.gov.uz

Powered by GSpeech