Barqaror rivojlanish markazi bilan tanishuv

          28 sentyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining bir guruh xodimlari “Barqaror rivojlanish markazi” nodavlat notijorat tashkilotiga tashrif buyurdi.

          Milliy markazning Barqaror rivojlanish markazi bilan o‘zaro hamkorligi izchil rivojlanmoqda. Buni keyingi davrda birgalikda bir nechta muhim tadbirlar o‘tkazilgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

          Bu haqda so‘z borganda, avvalo, joriy yilning 21 sentyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Fuqarolik jamiyati institutlari va saylov” mavzusidagi xalqaro davra suhbatini qayd etish mumkin. Onlayn va oflayn shakldagi ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NTT va Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan tashkil etildi.

          Shuningdek, shu yil 1 iyul kuni Guliston shahrida  “Prezident saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasi” mavzusida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya ham o‘zaro hamkorlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

          Ma’lumki, Barqaror rivojlanish markazi mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy rivojlanish jarayonlarini kompleks o‘rganadi, tahlil qiladi va tegishli takliflar ishlab chiqadi. Ayni paytda ushbu Markaz tomonidan saylov tizimini takomillashtirish, Barqaror rivojlanish maksadlariga erishishda fuqarolik jamiyatining ishtiroki, ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘rganishlar olib borilmoqda.

          Milliy markaz xodimlari Barqaror rivojlanish markazi faoliyatining huquqiy asoslari va yo‘nalishlari bilan tanishdilar. Shuningdek, hozirgi vaqtda Barqaror rivojlanish markazi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot oldilar.

          Tashrif yakunida Barqaror rivojlanish markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan nashr etilgan huquqiy adabiyotlar jamlanmasi va “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining yangi sonlari mazkur NNT kutubxonasiga beg‘araz  taqdim etildi.

 
         

Go‘zal FAXRIDDINOVA,

«Demokratlashtirish va inson huquqlari»

jurnali bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech