Brayl yozuvidagi huquqiy nashrlar “Kitobxonlik haftaligi” doirasida beg'araz tarqatildi

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish, jumladan bu borada axborot tarqatish, ta'lim berish faoliyatini samarali tashkil etish bo'yicha ustuvor yo'nalishlari doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilda O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining Brayl yozuvidagi nashrlari chop etildi.

Ushbu kitoblar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda nashr etildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi mamlakatimiz tarixida ilk bor Brayl yozuvida chop etilgan mazkur rasmiy huquqiy nashrlarni “Kitobxonlik haftaligi” doirasida O'zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi, O'zbekiston nogironlar jamiyati, O'zbekiston ko'zi ojizlar jamiyati, Imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlar Respublika markazi, Toshkent shahar Xalq ta'limi bosh boshqarmasi qoshidagi 77-sonli ko'zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati, “Inklyuziv hayot” O'zbekiston Respublikasi nogironlar jamoat birlashmasi, “Umidvorlik” Imkoniyati cheklangan bolalarni va ularning ota-onalarini qo'llab-quvvatlash markaziga beg'araz taqdim etdi.

O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, jismoniy imkoniyatidan qat'i nazar, barchaning teng huquqliligini ta'minlash, nogironligi bo'lgan shaxslarga iste'dod va qobiliyatlarini namoyon etishlari, jamiyatda o'z o'rinlarini topishlari uchun shart-sharoitlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sanaladi. Muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev ta'kidlaganlaridek, “Vatanimizda yashayotgan hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimizning e'tibori va g'amxo'rligidan chetda qolmasligi kerak”.

Konstitutsiyamizning IX bobi fuqarolarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini kafolatlaydi. Asosiy Qonunimizning 14-moddasiga binoan, davlat o'z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko'zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik printsiplari asosida amalga oshiradi. Fuqarolarning ijtimoiy himoyalanganligi davlat faoliyatining asosiy mezonlaridandir.

Mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida imkoniyati cheklangan shaxslarga O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarni amalga oshirishda xalqaro huquqning umume'tirof etilgan printsiplari va normalari, shuningdek O'zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa fuqarolar bilan teng imkoniyatlar ta'minlanmoqda.

Nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo'lishi, shu jumladan nogironligi borligidan qat'i nazar, insonni kamsitmaslik printsini yotadi.

O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida nogironligi bo'lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasi va tengligini kafolatlaydigan bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, 2020 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini belgilaydigan asosiy qonunchilik hujjati hisoblanadi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, ushbu qonun nogironligi bo'lgan shaxslar uchun mamlakat hayotining barcha jabhalarida kamsitilmasdan, jamiyatning boshqa a'zolari bilan teng ravishda ishtirok etishda katta imkoniyatlar yaratadi.

“Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunning qabul qilinishi nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy usullar va xalqaro standartlarni joriy etishga, BMTning Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining asosiy qoidalarini amalga oshirishga, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyilini hayotga tatbiq etishga yordam beradi.

Jismoniy imkoniyati cheklangan vatandoshlarimizni qo'llab-quvvatlovchi turli tashkilotlarga beg'araz tarqatilgan O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda  “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining Brayl yozuvidagi nashrlari ko'zi ojiz insonlarning huquqiy ilmini oshirishga, ularning o'z huquq va burchlarini qulay tarzda o'qib-o'rganishlariga yordam beradi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech