Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 27 noyabr kuni Hindistonning O'zbekistondagi Elchixonasi maslahatchisi Shipra Goshga interv`yu berdi. Muloqot kelgusi yilda 70 yilligi nishonlanadigan Hindiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bag'ishlandi.
Ushbu muloqotning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 27 yil to'lishi arafasida bo'lib o'tgani bejiz emas. Asosiy Qonunimizni ishlab chiqish jarayonida dunyoning 97 mamlakati, jumladan, Hindiston Konstitutsiyasi ham atroflicha o'rganilgan.
O'zbekiston va Hindiston o'zaro munosabatlarini chuqurlashtirish maqsadida bir-biriga intilayotgan mamlakatlardir. Keyingi davrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Hindistonga ikki marotaba – 2018 yil oktyabrida va 2018 yil yanvarida amalga oshirgan davlat tashrifi buni yaqqol tasdiqlaydi.
Davlatimiz rahbari 2020 yilda Hindistonda “O'zbekiston madaniyati yili”ni hamda O'zbekistonda “Hindiston madaniyati yili”ni o'tkazishni taklif etdi. O'zbekiston-Hindiston do'stligi va hamjihatligi mintaqalararo hamkorlikka, tinchlik va barqarorlik ishiga xizmat qilmoqda.
Hindiston 2020 yil 26 yanvarda mamlakatni suveren, demokratik respublika deb e'lon qilgan Konstitutsiya kuchga kirganining 70 yilligini nishonlaydi. 1947 yilning 15 avgustida mustaqillikka erishgan Hindiston o'tgan o'n yilliklar mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy taraqqiyotning og'ir yo'lini bosib o'tdi.
Hindiston – dunyoda eng ko'pmillatli mamlakatlardan biri. Mamlakatda turli tillarda so'zlashuvchi bir necha yuz millat, elat va qabila yashaydi. Ularning boshini qovushtiruvchi, tinchlik va hamjihatlikda yashashini ta'minlashda amaldagi Konstitutsiya muhim o'rin tutadi.
Muloqot chog'ida Hindiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati va ahamiyati, O'zbekiston va Hindiston Asosiy qonunlari o'rtasidagi o'xshash hamda farqli jihatlar haqida so'z bordi.
Suhbat asnosida, shuningdek, aholisi soni bo'yicha dunyoda ikkinchi o'rinni egallovchi Hindiston jadal sur'atlarda rivojlanayotgan demokratik jamiyat qurishga erishishi va Osiyoning qudratli davlatlaridan biriga aylanishida Konstitutsiya huquqiy poydevor bo'lib xizmat qilayotgani e'tirof etildi.
Ma'lumot uchun: Hindiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1949 yil 26 noyabrda parlament tomonidan qabul qilingan va oradan ikki oy o'tib, ya'ni 1950 yil 26 yanvarda kuchga kirgan. Shundan beri Hindistonda 26 yanvar – Respublika kuni sifatida nishonlanadi.
Mamlakat huquqiy tizimida 1948-1960 yillarda yuz bergan eng muhim islohotlar Hindiston yangi Konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan bog'liq. Konstitutsiyada fuqarolarning demokratik huquq va erkinliklari va ularning kafolatlariga keng o'rin ajratilgan. Qonunchilik va sud qarorlari Konstitutsiyaga muvofiq bo'lishi shart. Konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish huquqi Oliy sudga tegishlidir.
Hindiston Konstitutsiyasi, AQSH Konstitutsiyasidan farqli ravishda, dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi. Mazkur Konstitutsiya 146 ming 385 ta so'zdan iborat. Keyingi 69 yil ichida Hindiston Konstitutsiyasiga 96 marta jami 500 tacha tuzatishlar kiritilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.11.2019
- Ko'rishlar: 5600
- Chop etish