7 oktyabr kuni Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining oltinchi yillik seminari o'z ishini boshladi. “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi ushbu xalqaro anjumanni IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Akmal Saidov boshqarmoqda.
Forum ishtirokchilari tinch-totuv va demokratik jamiyat barpo etish hamda barqaror rivojlanishni ta'minlash uchun yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati haqida atroflicha so'z yuritdilar. Xalqaro ekspertlar mazkur asosiy mavzuning turli jihatlari yoritilgan ma'ruzalarini taqdim etishdi.
Islom mamlakatlari uchun statistika, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar hamda kadrlar tayyorlash bo'yicha markaz vakili, professor Sem Tentin IHTda ishtirok etuvchi davlatlar yoshlarining ahvoli to'g'risida ma'ruza qildi.
BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining yoshlar huquqlari bo'yicha guruhi rahbari Jorj Karonis, Yevropa Kengashining yoshlar bo'yicha maslahat kengashi raisi Anja Olin-Pape, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi o'rinbosari Dilnoza Kattaxonova anjuman mavzusi doirasida so'zga chiqdilar.
Munozaralarda IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zolari – Gvineya vakili Alhusseyn Thiam, professor Aydin Safixanli, Nigeriya vakili – elchi Muhammed Lavval Suleyman, Uganda vakili – Kamadi Biyonabiy, Tunis vakili – Mohamed Tohar Hamdiy faol qatnashdi. Shuningdek, IHTga a'zo va kuzatuvchi davlatlar, inson huquqlari bo'yicha bo'yicha milliy institutlar vakillari o'z fikr-mulohazalarini bayon etdilar.
Xalqaro anjuman 8 oktyabr` kuni o'z ishini davom ettiradi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.10.2019
- Ko'rishlar: 5688
- Chop etish