Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Serbiya poytaxti Belgrad shahrida bo'lib o'tayotgan Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 141-sessiyasi ishida ishtirok etmoqda.
O'zbekiston delegatsiyasi a'zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ibrohim Hojiev Parlamentlararo Ittifoq majlisida mamlakatimizda yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida ma'ruza qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi rasmiy veb-saytida ma'lum qilindi.
Yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilib, doimo e'tibor markazida bo'lib kelayotgani, buni keyingi ikki yilda shu sohaga oid 3 ta qonun, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining o'nlab farmonlari, qaror va farmoyishlari qabul qilingani, jumladan, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, hududlarda esa hokimlar raisligida Yoshlar masalalari bo'yicha idoralararo kengashlar tuzilgani alohida ta'kidlandi.
Bu jarayonda parlament, xususan, Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo'yicha komissiya va “Yoshlar klubi” faoliyat olib borayotgani, har ikkala tuzilmaning aynan yoshlar masalalari yuzasidan tashabbuslar ilgari surayotgani aniq va amaliy ish misolida bayon qilindi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini qabul qilish to'g'risidagi tashabbusni qo'llab-quvvatladilar.
Ma'lumot uchun: joriy yil 7-8 oktyabr kunlari poytaxtimizda bo'lib o'tgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari ishtirokchilari ham O'zbekiston Prezidentining ushbu tashabbusini keng qo'llab-quvvatladi.
Mazkur xalqaro anjumaning yakuniy hujjati sifatida Islom hamkorlik tashkiloti a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasi qabul qilindi. Deklaratsiyada, jumladan, inson huquqlari sohasida O'zbekiston Respublikasi tomonidan namoyon etilgan tahsinga sazovor yetakchilik va maqtovga loyiq mavqe minatdorlik hissini uyg'otishi qayd etilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.10.2019
- Ko'rishlar: 6080
- Chop etish