London: Tenglik va inson huquqlari masalalari bo'yicha komissiya vakillari bilan uchrashuv

12 fevral kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi delegatsiyasi a'zolari Tenglik va inson huquqlari masalalari bo'yicha komissiyaning (EHRC) Monitoring bo'yicha guruhi direktori Lyuk Teylor va Ushbu Komissiyaning Manfaatdor tomonlar bilan o'zaro hamkorlik bo'limi rahbari Xeyli Vilingeyt bilan muloqotda bo'ldilar.

Tomonlar dastavval har ikki tuzilmaning inson huquqlarini ta'minlash sohasidagi vazifa va vakolatlari, faoliyat yo'nalishining o'xshash va farqli jihatlari haqida so'z yuritdilar. So'ngra o'zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, kelgusida inson huquqlari bazasini shakllantirish, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida muqobil ma'ruzalar tayyorlash, inson huquqlari sohasida monitoring olib borish kabi dolzarb yo'nalishlarda fikr va tajriba almashishga kelishib olindi.

Tenglik va inson huquqlari masalalari bo'yicha komissiya kutubxonasi uchun Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tayyorlangan va nashr etilgan bir qancha kitoblar hamda qo'llanmalar taqdim etildi.

Ma'lumot uchun: EHRC - Tenglik va inson huquqlari masalalari bo'yicha komissiya 2006 yili Tenglik to'g'risidagi qonunga asosan ta'sis etilgan. Komissiya Angliya, Shotlandiya va Uel`sda tenglik va kamsitmaslik to'g'risidagi qonunlar talablariga amal qilinishini ta'minlash uchun mas'ul hisoblanadi.  

EHRC Manchester, London, Glazgo va Kardiffda o'z ofislariga ega. Komissiya biror tashkilotga qarashli bo'lmagan davlat organi bo'lib, unga Ta'lim vazirligiga qarashli Tenglik masalalari bo'yicha hukumat boshqarmasi homiylik qiladi.

EHRC 2009 yili milliy huquqni himoya qilish muassasalari butunjahon tarmog'ining a'zosi sifatida e'tirof etilgan va Milliy huquqni himoya qilish muassasalari xalqaro muvofiqlashtiruvchi qo'mitasi (ICC) tomonidan akkreditatsiya qilingan.  Bu, o'z navbatida, Komissiyaga BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi, shartnomaviy organlari va inson huquqlari bo'yicha boshqa organlari bilan yaqin hamkorlikda ishlashi uchun keng yo'l ochgan.

 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech