JURNALNING YANGI SONI SAHIFALARIDA

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yiliga bag‘ishlangan navbatdagi soni nashr etildi.

Jurnalning dastlabki sahifalaridan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning “Maktablarda sifatli ta’limni ta’minlash  soha fidoyilarining asosiy maqsadiga  aylanib bormoqda” nomli maqolasi o‘rin olgan. Maqolada bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning ahamiyati va natijalari aniq misollar bilan bayon etilgan. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan maktab ta’limini isloh qilish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan holda sifat ko‘rsatkichlarini oshirish, farzandlarimizni bilimli va barkamol avlod qilib tarbiyalash maqsadida xalqchil qadamlar qo‘yilayotgani yoritib berilgan.

Bugungi kunda mamlakatimiz inson huquqlari sohasidagi xalqaro munosabatlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisiga aylanib bormoqda. Buni joriy yil 27 fevral kuni Jenevada o‘z ishini boshlagan   BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi ham yana bir bor tasdiqladi.

Ushbu nufuzli xalqaro anjumanda muhokama qilingan dolzarb masalalar hamda yetakchi xalqaro ekspertlarning fikr-mulohazalari tahlili bilan akademik Akmal Saidovning “Qonun talablari va inson huquqlari – oliy qadriyat” nomli maqolasini mutolaa qilish orqali tanishishingiz mumkin. Maqolada inson huquqlari universal qadriyat, yer yuzida tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyot ta’minlanishining eng muhim sharti ekani e’tirof etilib,  BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining a’zosi sifatida O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini qat’iy himoya qilib kelayotgani ta’kidlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Bahodir Umurzoqovning “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” nomli maqolasi ham dolzarb mavzuga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli. Unda “ijtimoiy davlat” tamoyilining mazmun-mohiyati, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan joriy yil boshida tashkil etilgan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi faoliyatining ustuvor maqsadlari va asosiy yo‘nalishlari batafsil sharhlangan.

Shuningdek, “Xalqaro huquq va O‘zbekiston tajribasi” ruknida taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutining Nazariy-tarixiy, davlat-huquqiy, konstitutsiyaviy-huquqiy fanlar bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar  doktori, professor Jo‘raboy Toshqulovning “Islom davlatlarida inson va fuqarolar shaxsiy huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlari” nomli maqolasi ham diqqatga sazovor.

Maqolada islom davlatlarida inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy asoslari, fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, inson hayotining daxlsizligi, sog‘-salomat hayot kechirish huquqi, fikr, so‘z va matbuot erkinligi, turar joy daxlsizligi, diniy e’tiqod erkinligi, shaxsiy daxlsizlik huquqlarining davlat tomonidan kafolatlanishi islom davlatlarining amaldagi konstitutsiyaviy normalari asosida tahlil qilingan.

“Tarix sahifalarida” ruknida taqdim etilgan yuridik fanlar nomzodi, dotsent Mavluda Ergashevaning “Munavvar qori – buyuk huquqshunos  va millat fidoyisi” nomli maqolasida esa buyuk ma’rifatparvar jadid bobomizning huquqiy qarashlari va elu yurt ravnaqi yo‘lidagi beqiyos xizmatlari yoritilgan.

Jurnal sahifalaridan o‘rin olgan S.G‘afurov, J.Shirinov, O.Pirmatov, H.Yunusovning o‘zbek tilidagi, D.To‘raeva, A.Reyimbaev, D.Muratova, O.Ahmadov, A.Nabiev, A.Ramazonovning ingliz tilidagi, S.Abdurazakov, X.Kuchkarov, M.Tillabaev, J.Urunovning rus tilidagi maqolalari ham dolzarb mavzularga bag‘ishlangan.

Jurnal mutolaasi asnosida 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumining yakuniy hujjati – 2023-2024 yillarda Inson huquqlari sohasida ta’limni  rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi bilan o‘zbek, rus va ingliz tillarida tanishish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech