KITOB — HAYOT YO‘LLARIDA TAYANCH

23 aprel — Butunjahon kitob va

mualliflik huquqi kuni

 

Bu yil ushbu xalqaro sana O‘zbekiston uchun g‘oyatda ahamiyatli ikkita bayram bilan hamohanglikda nishonlanmoqda. Bulardan biri – 21 aprelda kitoblar va adiblar kabi ezgulikni tarannum etadigan Hayit ayyomi bo‘lsa, ikkinchisi – 30 aprelda xalqimiz yangilanayotgan Konstitutsiyamiz uchun referendumda ovoz beradi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 53-moddasida quyidagi normalar mustahkamlanmoqda:

“Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.  Intellektual  mulk qonun bilan muhofaza qilinadi.

Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy  rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qiladi”.

Shuningdek, Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari kafolatlanmoqda. Ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb ikki barobarga oshmoqda.

Bularning barchasi, bir tomondan, kitobxonlar uchun mutolaa imokiyatlari kengayishi, ikkinchi tomondan, mualliflarning badiiy ijod erkinligiga ravon yo‘llar ochilishidan dalolatdir. Albatta, yangicha konstitutsiyaviy mezonlar Yangi O‘zbekistonda nashriyot-matbaa faoliyati ham zamonaviy o‘zanlarda jadal ravnaq topishiga turtki berishi tayin.

Bir so‘z bilan aytganda, tom ma’noda kitobxonlik davriga qadam qo‘ymoqdamiz. Zero, ulug‘ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro hazratlari so‘zlari bilan aytganda, “Kitob — sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”.

 U zot zamonasidan so‘ng oradan qariyb to‘qqiz asr o‘tgach, ya’ni 1995 yil 15 noyabrda Parijda bo‘lib o‘tgan YuNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasi qaroriga muvofiq, 23 aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni deb e’lon qilingan. Shuningdek, YuNESKOning “Bolalar va o‘smirlar adabiyotida bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etganlik uchun” nomli mukofoti ta’sis etilgan.

Bu qarorning zamirida, bir tomondan, barcha zamindoshlarimizni kitob mutolaasidan zavqu shavq olishga, ikkinchi tomondan, o‘z asarlari bilan insoniyatning ijtimoiy va madaniy taraqqiyotiga bemisl hissa qo‘shgan shoirlar va yozuvchilar, dramaturglar va ssenariynavislar, olimlar va mutafakkirlar – jami mualliflarga ehtirom ko‘rsatishga jahoniy da’vat o‘z mujassamini topgan.

Shu tariqa 23 aprel — barcha mualliflar, noshirlar, ustozlar, kutubxonachilar va kitob olamiga aloqador kasblar egalarining umuminsoniy bayram kuniga aylandi. Xuddi shu sanada dunyoning ko‘plab mamlakatlarida kitob yarmarka va ko‘rgazmalarini tashkil etish an’ana tusini oldi.

Bu haqda so‘z borganda, YuNESKO tomonidan 1952 yili Jenevada tashkil etilgan konferensiyada butunjahon mualliflik huquqi belgisi (©) amaliyotga tatbiq etilgani ulkan yutuqlardan biri bo‘lganini alohida ta’kidlash lozim. Ayni shu anjumanda Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi butunjahon konvensiyasi ham qabul qilingan.

Hozirgi vaqtda Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni jahonning 100 dan ortiq mamlakatida millionlab insonlar tomonidan nishonlanadi. Sana munosabati bilan turli uyushmalar va kasbiy tashkilotlar, maktablar va oliy o‘quv yurtlari, davlat muassasalari va xususiy korxonalarda ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

O‘tgan davrda shu bayram tufayli Yer yuzining turli qit’alarida yashaydigan va turli madaniyatlarga mansub bo‘lgan qanchadan-qancha insonlar o‘rtasida do‘stlik va birdamlik tuyg‘ulari qaror topdi hamda mustahkamlandi. Mualliflik huquqlarini muhofaza etish holati tubdan yaxshilandi.

Bashar ahli kitobning ahamiyati nihoyatda serqirraligini tobora teran anglamoqda. Ya’ni, kitob:

  • bilimlar koni;
  • qadriyatlar timsoli;
  • ma’naviy meros qo‘rg‘oni;
  • sivilizatsiyalararo muloqot vositasi;
  • rang-barang madaniyatlar ko‘zgusi;
  • moddiy farovonlik manbai;
  • mualliflik huquqi bilan himoya qilinadigan noyob ijod mahsulidir.

Joriy yilda ta’sis etilganiga 28 yil to‘lgan ushbu xalqaro sana 1996 yildan buyon O‘zbekistonda ham keng nishonlab kelinmoqda. Kitob va kitobxonlik, ijod va ijodkorlik, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifatni targ‘ib etishga qaratilgan bu muhim sana joriy yilda mamlakatimizda odatdagidan-da tantanali tarzda kutib olingani bejiz emas. Chunki:

kitob – bizga hayotni o‘rgatadi;

kitob – har birimizni dunyo sir-sinoatlari va ma’rifatidan bahramand etadi;

kitob – bilim o‘rgatishning eng qudratli omili va bilimni asrashning ishonchli vositasi bo‘lib xizmat qiladi;

kitob – insonni ma’rifatga oshno etadi;

kitob – dunyodagi turfa madaniyatlar va an’analarning ma’no-mohiyatini anglashga ko‘maklashadi;

kitob – yashash hamda ijod qilishga doimo ilhomlantirib turadi.

         Keyingi davrda mamlakatimizda yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga katta e’tibor berilayotgani davlatimiz rahbari tomonidan beshta muhim tashabbus ilgari surilgani misolida yana bir bor yaqqol tasdig‘ini topdi.

         Shu tashabbuslarning to‘rtinchisi aynan kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Ushbu tashabbus doirasida yurtimizda kitobxonlik klubi tashkil etildi, umumta’lim maktablariga yuz minglab nusxada kitoblar sovg‘a qilinmoqda.

         Davlatimiz rahbari kitobsiz, ya’ni ilmsiz farovon kelajakka erishib bo‘lmasligiga o‘z vaqtida e’tibor qaratdi. Shu asosda Prezidentimizning bir qator qarorlari qabul qilindi va izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.

         Yanada muhimi, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan biri ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi. Taraqqiyot strategiyasining 72-maqsadida:

birinchidan, aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada rivojlantirish;

ikkinchidan, kitobxonlikni keng ommalashtirish;

uchinchidan, “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish vazifalari belgilab berilgan.

         Aslida ham, kitob va kitobxonlik har bir davrning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda uning dolzarblik ko‘lami yanada ortdi. Chunki kitob o‘qishda hikmat ko‘p. Keng dunyoqarash va bilimga ega bo‘lishda kitobning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.

Kitob insonni intizomli qiladi. Nafsni yengishga va kattani hurmat, kichikni izzat qilishga o‘rgatadi. Kitob o‘qigan kishi qonunlarga itoat qilish kerakligini anglaydi.

          Bugungi taraqqiy etayotgan texnika davrida ko‘pchilik mutolaaga vaqt ajrata olmasligi mumkin. Ammo har qanday vaqtda ham kitob o‘qishga vaqt topgan inson yutadi. Bir narsani unutmasligimiz kerak, yaqinlarni kitob o‘qishga da’vat qilish ularga yaxshilik tilash hisoblanadi.

 

G‘ulom Mirzo,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Powered by GSpeech