BMT tizimida inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari

4 may kuni Samarqand shahrida shu mavzuda trening boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mashg‘ulotlar 8 mayga qadar davom etadi.

Treningda O‘zbekiston va Rossiya advokatlari ishtirok etmoqda. Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari F.Hayitboev va D. Rashidova ham qatnashmoqda.

Ishtirokchilarga BMTning Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktida kafolatlangan huquq va erkinliklar yuzasidan atroflicha ma’lumot berilmoqda. Bu o‘rinda, jumladan, shikoyat qilish huquqi, jazo, erkinlik huquqi, odil sudlov huquqi, shaxsiy hayot huquqi haqida so‘z bormoqda.

Milliy markazning Inson huquqlari sohasida ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i F.Hayitboev tadbir ochilishida so‘zga chiqdi. Markaz vakili O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanishini e’tirof etar ekan, konstitutsiyaviy islohotlarning o‘ziga xos xususiyatlariga qisqacha to‘xtaldi.  

Yaqtnda bo‘lib o‘tgan referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida advokaturaning konstitutsiyaviy-huquqiy institut sifatidagi maqomi yanada oshirilgani bejiz emas. Chunki har bir insonning o‘z huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishi hamda himoya qilishi uchun yuridik ko‘mak olishida aynan shunday yuksak maqomdagi institutning o‘rni va ahamiyati katta.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamalari asnosida advokatura institutining o‘rni va ahamiyatini yuksaltirish borasida ko‘plab takliflar kelib tushgandi. Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga alohida bob kiritish, unda advokaturaning asosiy maqsad va vazifalarini belgilash hamda maqomini kuchaytirishga oid takliflar asosida Bosh qomusimizning yangi, XXIV bobi  “Advokatura” deb ataldi.

Treningda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati haqida ham qisqacha axborot taqdim etildi. O‘zbekiston Prezidentining 1996 yil 31 oktyabrdagi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organi hisoblanadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan, BMTning 7 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalar taqdim etib kelinmoqda.

Trening ishtirokchilariga 2020 yil 22 iyunda O‘zbekiston Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni va Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilingani hamda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani yuzsidan atroflicha ma’lumot berildi. Binobarin, bu hujjatlar ayni sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan, yurtimizning iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reytingi hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga qaratilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturiga taalluqli axborotlar ham xorijiy mehmonlar va tinglovchilarni befarq qoldirmadi. Hozirgi kunda mazkur Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasida joylarda o‘quv kurslari va seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.

Mashg‘ulotlar davomida e’tirof etilganidek, inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, bu sohadagi ta’lim zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda ham o‘z samaralarini beradi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech