QIYNOQQA QARSHI O‘QUV KURSLARI

bir haftada mamlakatimizning yetti hududini qamrab oldi

 

23 iyun kuni Buxoro shahrida ozodlikdan mahrum qilish joylarida qiynoqlar, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolarning oldini olish sohasidagi xalqaro standartlar bo‘yicha uch kunlik trening o‘z ishini yakunladi. O‘quv mashg‘ulotlarining Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalari vakillaridan iborat tinglovchilariga sertifikatlar topshirildi.

Ayni mavzudagi treninglar:

  • 19-21 iyun kunlari – Toshkent shahri va poytaxt viloyatida;
  • 20-21 iyun kunlari – Andijon viloyatida;
  • 22-23 iyun kunlari Namangan viloyatida ham o‘tkazildi. Shu tariqa joriy hafta davomida mamlakatimizning 7 ta hududi qiynoqqa solishga qarshi kurash mavzusidagi o‘quv kurslari bilan qamrab olindi.

O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori qiynoqqa qarshi kurash yo‘nalishidagi o‘quv mashg‘ulotlariga yangi ruh bag‘ishladi. Qarorga muvofiq, endilikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etilmoqda.

Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturiga asosan ushbu treninglar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi kabi doimiy hamkorlar bilan birgalikda o‘tkazilmoqda. Mashg‘ulotlarda Milliy markaz, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan faol qatnashmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech