YANGI O‘ZBEKISTON FENOMENI CHUQUR TALQIN ETILGAN SALOHIYATLI ASAR

Ulkan tarixiy yangilanishlar chorrahasida yashayapmiz. Ishonmasangiz, bugungi hayotimiz ummonining betinim mavjlanishiga teran nazar soling.

Ortimizda – xalqimiz:

  • yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi uchun ovoz bergan umumxalq referendumi;
  • muddatidan ilgari o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi;
  • qayta saylangan Prezident Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisi kabi biri-biridan ahamiyatli ijtimoiy-siyosiy voqealar tarix sahifalariga muhrlanmoqda.

Oldinda – mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi tantanalariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Shuningdek, jamoatchiligimiz “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalarini atroflicha muhokama qilmoqda.

Shunday dolg‘ali kunlarda mutolaa etish baxtiga muyassar bo‘lganim g‘oyat e’tiborli asar – “Yangi O‘zbekiston davlati” kitobida ta’kidlanganidek, “Davrimiz shiddati tez. Islohotlar tobora keng mazmun kashf etmoqda. Yangi O‘zbekiston tub o‘zgarishlar jarayonida butunlay yangi qiyofaga ega bo‘lmoqda. Uning mamlakat ichki hayotida iqtisodiy-ijtimoiy qudrati, jahon hamjamiyatida esa umumplanetar masalalarni hal etish salohiyati oshib bormoqda” (Qarang: Salimov, Oqil. Yangi O‘zbekiston davlati. – T.: “Ma’naviyat”, 2023. – B.2).

Ushbu iqtibos olingan kitob muallifi – muhtaram ustozimiz, donishmand va zakiy inson, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik, texnika fanlari doktori, professor Oqil Umrzoqovich Salimov haqida, dastavval, muxtasar to‘xtalamiz.

Davlat va jamoat arbobi, Ustoz Oqil aka Salimov – nafaqat O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi a’zosi, ayni chog‘da Oliy maktab xalqaro fanlar akademiyasi va Nyu-York fanlar akademiyasining ham akademigidir. Ustoz, shuningdek, Oliy maktab xalqaro fanlar akademiyasining O‘zbekiston bo‘limi Prezidenti hamda Respublika iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasining raisi  hisoblanadi.

Oqil aka davlat va jamoat ishlaridagi ko‘p yillik xizmatlari hamda ta’lim tizimidagi samarali faoliyati bilan yurtimiz ilm-fani va ma’rifati taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan yirik davlat va fan arbobidir. Ustozning nafaqat arbob va olim, balki yoshlar murabbiysi va iste’dodlar homiysi sifatida amalga oshirgan beqiyos ezgu ishlari ham tahsinga sazovor.

 Oqil Umrzoqovichning kamina singari ko‘plab kitobsevar yurtdoshlarimiz uchun qadrli bo‘lgan yana bir xususiyatlari borki, u ham bo‘lsa, ijodkorlik fazilatidir. Ayniqsa, keyingi yillarda u kishining qalamiga mansub “Saodat yo‘li”, “Yoshlarga donolar o‘giti”, “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari”, “Do‘stlik xamsasi”, “Aql innovatsiyasi” kabi bir qator ommaviy-siyosiy va ilmiy-ma’rifiy asarlarni o‘qib, Ustozga sodiq muxlislardan biriga aylanganimdan o‘zim ham mamnunman.

Shuning uchun Oqil Umrzoqovichning yangi kitobini ham mijja qoqmay o‘qib chiqdim. So‘ngi varaqdan bosh ko‘tarar ekanman, dastlab xayolimdan ulug‘ rus yozuvchisi Anton Chexovning mana bu hikmatli so‘zlari o‘tdi: “Ilm-fan yoki umuminsoniy g‘oyalar yo‘lida xizmat qilmoq – inson uchun haqiqiy baxt o‘zi shu bo‘lsa kerak”.

         Chindan ham,  bir tomondan, Oqil Umrzoqovich butun ongli umrini ilm-fan va ma’rifat ravnaqiga bag‘ishlab kelmoqdalar. Boshqa tomondan, Ustoz – millat taqdiri, xalqimizning baxti va farovonligi, Vatanimizning barqarorligi, izchil taraqqiyoti va dunyo maydonidagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida sabot hamda matonat bilan xizmatda turgan tolmas, jonkuyar, fidoyi insonlar sirasiga kiradi.

         Ustozning yangi kitobi butunlay yangi tarixiy sharoitlarda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevori qo‘yilayotgan jarayonlarga bag‘ishlangani ham bu fikrlarimni yaqqol tasdiqlaydi. Kitobda, muallifning o‘z ta’biri bilan aytganda,  “Yangi O‘zbekiston davlatining fenomenal asoslari” haqidagi mulohazalar bitilgan.

Asar “Kirish”, “Xulosa” va uchta asosiy qismdan iborat. Kitobning bunday tuzilishi bir qarashda an’anaviylikdan dalolatdek tuyuladi. Lekin, mutolaaga kirishganingizdan so‘ng bunday yondashuvning yuzaki va aldamchi ekaniga, aslida, asar Yangi O‘zbekistondagi evrilishlar haqida mutlaqo yangicha shakl va uslubda, tom ma’noda novatorlik ruhida yozilganiga amin bo‘lasiz.

Birinchi qism “Ijtimoiy davlat odimlari” deb nomlangan bo‘lib, 9 ta faslni o‘zida qamragan. Ushbu fasllar mavzu nuqtai nazaridan turli sohalardagi o‘zgarishlar talqiniga bag‘ishlanganiga qaramay, alal-oqibat, ularning barchasi yagona mavzu – Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy davlat degan konstitutsiyaviy maqomi qanday mazmun-mohiyatga egaligini ochib berishga xizmat qiladi.

Yangi O‘zbekiston – kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, madadga muhtoj insonlar va oilalarga – chinakam ko‘mak va yordam berish, mehr-oqibat ko‘rsatish hayotimiz qoidasiga aylanib borayotgan ijtimoiy makondir. Ijtimoiy davlat barpo etishdan maqsad, birinchi navbatda, har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishishdir.

So‘nggi yillarda izchil ilgari surilayotgan “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu tushunchaga O‘zbekiston Prezidenti bergan ta’rifga ko‘ra: “Ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir”.

Kitobda ayni shu ta’rifga tayangan odilona va oqilona siyosat hayotiy misollar negizida har tomonlama asosli talqin etilgani diqqatni tortadi. Muallif qayd etganidek, “Ijtimoiy davlat tushunchasi Yangi O‘zbekiston davlatining butun mohiyatini belgilaydi. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi butun mohiyati bilan ijtimoiy davlat faoliyatini qonun bilan kafolatlaydi. Unda bevosita inson taqdiri, uning qadr-qimmati, yashash huquqi masalalariga katta e’tibor berilgan” (o‘sha kitob, 3-bet).

Akademik O.Salimovning fikricha, Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish maqsadi inson omilini muqaddas qadriyat sifatida yuksaltirish, odamlarni bilimli, baxtli, erkin va farovon quluvchi ma’rifiy jamiyat qurish g‘oyasi bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi.  “Mazkur jamiyatni qurish g‘oyasi 2016 yil Qashqadaryo viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilk da’fa jamoatchilik e’tiboriga qo‘yilgan edi”, deb qayd etadi taniqli olim (71-bet).

Shu ma’noda, kitobning ikkinchi qismi “Ma’rifatli jamiyat sari” deb nomlangani bejiz emas. Bu qism mazmunan bir-birini to‘ldiruvchi 12 ta fasldan tashkil topgan.

Ayni shu fasllar mohiyatiga singdirilgan hayotiy falsafaning mag‘zi shuki, har qanday umummilliy taraqqiyot maqsadlar mushtarakligiga tayanadi. Binobarin, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot bosqichi xalq va Prezident, jamiyat va davlat o‘rtasidagi mushtaraklikdan, maqsadlarning birligidan, istiqbolga intilishning uyg‘unligidan kelib chiqmoqda.

“Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi  bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi  ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat”. Ushbu fikrlarni O‘zbekiston Prezidenti ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha 2021 yil 19 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirgandi.

Davlatimiz rahbari mazkur yig‘ilishda so‘zlagan nutqning mazmun-mohiyati va ahamiyati keyinchalik Yurtboshimizning “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli birinchi mualliflik fundamental kitobida o‘z aksini topdi. Taraqqiyot strategiyasi “Inson qadri uchun  100 ta maqsad”dan iborat bo‘lib, shundan 8 tasi, ya’ni 71-78-maqsadlar bevosita ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash masalalariga taalluqlidir.

Dastlabki vazifa “Yangi O‘zbekiston  ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshirishni nazarda tutadi. Nega deganda, biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, adolatni qadrlaydigan xalq farzandlarimiz.

Moziy shohidki, IX-XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan va avstriyalik atoqli sharqshunos olim Adam Mes tomonidan ilk bor “Musulmon Renessansi” deb ta’riflangan Birinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham, butun dunyoda mashhur fransuz olimi Vensan Furniyo iborasi bilan “Temuriylar davri Renessansi” deya e’tirof etilgan XIV-XVI asrlardagi Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham jamiyatda e’tiqod  mustahkam, ma’naviyat  kuchli, insonlar dunyoqarashida ma’naviyat  ustuvor, davlatchilik tuzumida ma’naviyat va ma’rifat  yetakchi bo‘lgan.

Sharqning butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa bo‘lgan har ikki Renessansi buyuk ajdodlarimizning ilm-ma’rifat va kuchli e’tiqod, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan edi. Bu g‘oyalar bizning davrimizda, Yangi O‘zbekistonda alohida, yanada teran ma’no-mazmun kasb etib bormoqda. 

Qachonki millat o‘zligini anglay boshlasa, har bir fuqaro o‘zining insoniy fazilatlarini to‘liqroq namoyon etib, o‘zini o‘zi qadriyatga aylantira boshlasa milliy Uyg‘onish hodisasi yuz beradi, taraqqiyotning yangi bosqichi boshlanadi. Shu ma’noda, kitob muallifi e’tirof etganidek, “Yangi O‘zbekiston o‘z tarixiy taraqqiyoti davrida yangicha tafakkurga asoslangan turmush tarzini yo‘lga qo‘ymoqda. Uchinchi Renessans g‘oyasi ana shu evrilishlar, yangilanishlar oqimida yangi Uyg‘onish davrining sarchashmasi bo‘lmoqda”( 99-bet). 

Kitobning uchinchi qismi “Yangi O‘zbekiston jahon mehvarida” deb nomlangan va undan 6 ta salmoqli fasl joy olgan. Ayni fasllarning asl mohiyati, nazarimda, muallifning mana bu fikrlarida yorqin ochib berilgan: “Har bir davlatning tashqi siyosati muqarrar uning milliy va umuminsoniy manfaatlari asosida quriladi. Ana shu jihatdan o‘zbekiston o‘zining qadimiy davlatchilik an’analariga asoslanib, har qanday muammoni muzokaralar yo‘li bilan, hissiyotlardan xoli bo‘lgan va aql-idrokka, sharqona bilimlar saviyasiga yo‘g‘rilgan muloqotlar orqali yechimini topish tarafdori bo‘lib maydonga chiqdi”(206-bet).

Keyingi yillarda O‘zbekiston Prezidentining xalqparvar va insonparvar siyosati, samimiyatga to‘la qarashlari, inson manfaatlari, qadr-qimmati va sha’ni bilan bog‘liq bo‘lgan islohotlari jahon hamjamiyati tomonidan qizg‘in e’tirof etilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning, kitob muallifi ta’biri bilan aytganda, “bir qator umumplanetar muammolarga, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan takliflari Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ma’qullandi va uning maxsus rezolyusiyalari qabul qilindi. Aytish mumkinki, bu Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini ko‘rsatadi” (236-237-betlar).

Shunday qilib, akademik Oqil Salimovning yangi kitobida Yangi O‘zbekistonning:

birinchidan, ijtimoiy davlat sifatidagi yangicha konstitutsiyaviy maqomi;

ikkinchidan, ma’rifatli jamiyat barpo etish yo‘lidagi samarali sa’y-harakatlari;

uchinchidan, dunyo maydonida obro‘-e’tiborining yuksalishi va imijining ko‘tarilib borayotgani bilan bog‘liq ijobiy voqeliklar yorqin falsafiy xulosalar hamda aniq hayotiy dalillar asosida ifoda etilgan.

Oqil Umrzoqovichning yangi kitobi munosabati bilan qog‘ozga tushgan fikrlarimga nuqta qo‘yar ekanman, Ustozning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023 yil 3 avgust sonida e’lon qilingan “Siyosiy axloq va axloqiy siyosat” nomli maqolasini o‘qib qoldim. Xulosa o‘rnida ushbu maqoladan quyidagi iqtibosni keltirishga jazm etdim:

“Yangi O‘zbekiston ijtimoiy davlati har bir fuqaro qadru qimmati bilan, sha’ni, uning baxtli, saodatli hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan ma’naviy barkamol, g‘oyaviy yetuk, siyosiy axloqning axloqiy siyosat bilan sintezlashib borayotgani uning davlat sifatidagi fenomenidir. Zotan, bizning, jamiyatimizning, davlatimizning yagona va birdan-bir xaloskori axloq! Unga kuch, rag‘bat, iroda va tashabbuskorlik tuyg‘usini baxsh etadigan yagona va birdan-bir manba – ma’naviyat!”.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

«Yangi O'zbekiston» gazetasining 2023-yil 9-avgust kungi 157-soni

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech