21 sentyabr kuni Toshkent shahrida fuqarolikka ega emas shaxs maqomini belgilash tartib-taomili va 1954 yilgi Fuqarolikka ega emaslik to‘g‘risidagi konvensiya standartlariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Seminarda Fuqarolikka ega emaslik to‘g‘risidagi konvensiya normalari asosida fuqarolikka ega emas shaxs maqomini belgilash tartib-taomili, uning protsessual kafolatlari bilan bog‘liq jihatlar atroflicha o‘rganildi. Mazkur tartib-taomilning Markaziy Osiyo mintaqasi va boshqa bir qator mamlakatlarda amalga oshirilishi tufayli erishilgan natijalar hamda bu boradagi ilg‘or amaliyot ham tahlil etildi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi va uning Akademiyasi, Bosh prokuratura, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili devoni, Oliy sud, Milliy gvardiya hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlar avvalida Ichki ishlar vazirligi mutaxassislari O‘zbekistondagi fuqarolikka ega emas shaxslar masalasi yuzasidan batafsil axborot taqdim etdi. O‘z navbatida, xalqaro ekspertlar ishtirokchilarni fuqarolikka ega emas shaxs maqomini belgilash tartib-taomilining o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirdi. Bu boradagi mavjud tendensiyalar va maqbul tajribalarga alohida e’tibor qaratildi.
BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassislari O‘zbekistonda fuqarolikka ega emas shaxslar keng ko‘lamdagi inson huquqlaridan emin-erkin foydalanayotganini e’tirof etdi. Shu munosabat bilan xalqaro sheriklar tomonidan fuqarolikka ega emas shaxslar sonini kamaytirish borasidagi samarali hamkorlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga minnatdorlik bildirildi.
Seminar davomida Ichki ishlar vazirligining ayni sohada amalga oshirayotgan monitoring ishlari ham yuqori baholandi. Ma’lum qilinganidek, hozirgi vaqtda mamlakatimiz hududidagi 25 ming nafar fuqarolikka ega emas shaxsning 2 ming nafardan ortig‘iga 2023 yilning birinchi yarmidayoq O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi maqomi taqdim etilgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilar fuqarolikka ega emas shaxslarning sonini yanada qisqartirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan o‘zaro hamkorlik rejalarini muhokama qildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.09.2023
- Ko'rishlar: 3594
- Chop etish