22 noyabr kuni Toshkent shahrida “BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini va BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining bu boradagi yakuniy tavsiyalarini amalga oshirishda bolalar vakillarining ishtiroki” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolik jamiyati vakillari va bevosita bolalar ham faol ishtirok etdi.
Seminar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YuNICEF ko‘magida tashkil etildi. Tadbirda BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining tegishli tavsiyalari fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va bolalarga keng tanishtirildi.
Anjuman davomida, shuningdek, ishtirokchilar 23 noyabr kuniga belgilangan parlament maslahatlashuviga tayyorlandilar. Ayni maslahatlashuv BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari O‘zbekistonda bajarilishi yuzasidan tavsiyalari ijrosiga oid Milliy harakatlar rejasida nazarda tutilgan masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan.
Seminar ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, YuNICEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari J.Injumba, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Mintaqaviy vakolatxonasi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi A.Yasevich, xalqaro ekspert O.Xazova ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston 1992 yilda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilib, bolalar huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishni tashkil etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlar ko‘rayotgani ta’kidlandi. Jumladan, BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini bajarish doirasida samarali ishlar davom etmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bola huquqlarini mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishildi. Bu borada izchil chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani mamlakatimizda oilalar va bolalarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlashga jiddiy yondashilayotganidan dalolatdir.
Ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar samarali monitoring mexanizmlarini yaratish, kadrlar tayyorlash, jamiyatning turli qatlamlari o‘rtasida bola huquqlari to‘g‘risidagi axborotni targ‘ib qilish va tarqatishni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston o‘z xalqaro majburiyatlarini bajarish doirasida BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga beshta hisobot taqdim etgan.
2022 yil avgust oyida mamlakatimiz delegatsiyasi BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining sessiyasida qatnashib, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirishga oid O‘zbekistonning beshinchi davriy ma’ruzasini taqdim etdi. O‘sha yili sentyabr oyida BMT Qo‘mitasi O‘zbekistonning beshinchi davriy ma’ruzasi bo‘yicha o‘zining yakuniy tavsiyalarini qabul qildi.
Ushbu tavsiyalarni amalga oshirish doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tegishli davlat organlari ishtirokida, YuNICEF va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining texnik ko‘magida Milliy harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqdi. Mazkur hujjat O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishini monitoring qilish bo‘yicha parlament komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Seminarda fuqarolik jamiyati vakillari va bolalarga Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning asosiy qoidalari va ishtirokchi-davlatlarning tegishli majburiyatlari tushuntirildi. BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi qanday faoliyat ko‘rsatishi, fuqarolik jamiyatining Konvensiya qoidalari va Qo‘mita tavsiyalarini amalga oshirish borasidagi roli haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ishtirokchilar BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini tahlildan o‘tkazdilar. Konvensiya qoidalarini yanada samarali amalga oshirish uchun milliy qonunchilikni takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari hamda zarur mexanizm va vositalarini muhokama qildilar.
Tadbirda BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ul muassasalar, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, “Yuksalish” milliy harakati, “Madad”, Bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi, "Quyoshli Olam", "Sharoit Plyus” kabi jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahridagi ta’lim muassasalarining o‘quvchi-yoshlari faol qatnashdi.
Ishtirokchilarning keng muhokama va tahlillari asosida bolalar huquqlarini himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlashning mavjud mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur amaliy tavsiyalarni bo‘lajak parlament maslahatlashuvi asnosida taqdim etishga kelishib olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.11.2023
- Ko'rishlar: 3629
- Chop etish