Konstitutsiya – tinchlik va osoyishtalik timsoli

O‘tmishga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, insonning tabiiy huquqi sivilizatsiya jarayonida Konstitutsiya shakliga kelganini ko‘ramiz. Qomus bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega bo‘lish, ta’lim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish huquqini, so‘z va e’tiqod erkinligini oliy qadriyat darajasiga ko‘tardi.

Ko‘hna zamin odamlari ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat, haqiqat, iymon, olijanoblik, bag‘rikenglik, mardlik, tantilik kabi ulug‘ xislatlar Konstitutsiyamizdan munosib o‘rin olgan. Asosiy hujjatimiz umuminsoniy g‘oyalar – tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do‘stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi ulug‘ g‘oyalarga xizmat qiladi. Ko‘p asrlar davomida bashariyat ming-minglab qoida va nizomlardan jamiyat uchun asosiylarini, o‘ta muhimlarini tanlab oldi. Ayni qoidalar Konstitutsiyamiz yaratilishiga poydevor bo‘ldi. Ushbu hujjatda bayon etilgan tushunchalar shu qadar ahamiyatliki, insonning har kuni duch keladigan muammolarni hal etishga qaratilgan faoliyati mamlakat asosiy qonuniga kiritilgan qoidalar va moddalarga bog‘liq.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, o‘z oldiga adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, huquqiy demokratik davlat qurish va xalqni farovon hayot sari olib borish kabi buyuk maqsadlarni qo‘ydi. Bosh qomusimiz muqaddimasida inson huquqiga va davlat suvereniteti g‘oyasiga sodiqlik e’lon qilinib, hozirgi va kelajak avlod oldidagi yuksak mas’uliyat anglangan holda, o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanilib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat namoyon etilib, xalqaro huquqning umume’tirof qilingan qoidalari ustunligi tan olingan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishini ta’minlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish ko‘zlanib, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaati, huquqi va erkinligini ta’minlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolatidir. Bosh qomusimizning yangi tahriri 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilindi. 6 bo‘lim, 27 bob, 155 moddadan iborat mazkur hujjatda inson hayoti, ish atjribasi, sog‘ligi, umuman, jamiyatning barcha nuqtalarining qonuniy asosi aniq bandlarda aks etgan. Aytish joiz, бугун mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ro‘y berayotgan barcha o‘zgarish va yangilanishlar asosi, milliy qonunchiligimiz poydevori bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jahon hamjamiyatida zamonaviy demokratik qonunchilik namunasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Mamlakatimizda davlatni jamiyatga, xalqqa xizmat qiluvchi institutga aylantirish, davlat faoliyatini qonunga tayanib qurishga qattiq kirishilgan, desak xato bo‘lmaydi. Fuqaro – jamiyat – davlat o‘rtasidagi munosabatning oqilona, adolatli huquqiy yechimi Konstitutsiyadir.

Konstitutsiya Vatan hayotining poydevori, Qonunlar esa ustunidir. Xulosa shuki, Konstitutsiyaga xilof ish, Qonunning har qanday buzilishi Vatanga qarshi xurujdir. Konstitutsiyani, Qonunni himoya qilish – Vatanni himoya qilish.

Konstitutsiyamizning bir necha moddasiga o‘zgarish kiritildi. Jamiyat rivojining o‘ziga xos mezonini belgilashda muhim rol o‘ynagan bu jarayon rivojlanish, taraqqiyot sari qo‘yilgan dadil qadam hisoblanadi. Qolaversa, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatimizni, mudofaamiz qudratini yuksaltirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, davlatimiz sarhadi daxlsizligini ta’minlash, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrashda asosiy qonunimizning o‘rni, ahamiyati beqiyos. Yosh avlod qalbida ona Vatanga mehr, sadoqat tuyg‘usini uyg‘otish, farzandlarimizni Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash esa biz, ota-onalar, ustozlarning asosiy burchimizdir.

Sevara Ishmuratova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

O‘zA

Powered by GSpeech