Milliy markazda Chikago universiteti professori va talabalari bilan muloqot

20 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida AQShning Chikago universiteti Huquq maktabining professori va talabalari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari M.Tillaboev hamda Milliy markazning inson huquqlari sohasidagi ta’lim va ma’rifat bo‘limi xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbati doirasida avvalo mehmonlar Milliy markazning faoliyati bilan tanishtirildi. Milliy markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, milliy ma’ruzalarni tayyorlash mexanizmlari, xorijiy ekspertlarning inson huquqlarini ta’minlashga doir tavsiyalari, inson huquqlarini himoya qilish borasida Milliy markaz bilan huquqni muhofaza qilish organlarining hamkorligi xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Chikago universiteti professor va talabalari O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari va ularning qay tartibda bajarilishi borasida Milliy markazning xalqaro tashkilotlar, davlat organlari hamda boshqa idoralar bilan o‘zaro hamkorligi, milliy ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha asosiy vazifalari, inson huquqlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari haqidagi ma’lumotlar bilan ham tanishdilar.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlarini ta’minlash, himoya qilish mexanizmi va amaliyoti hamda ayni sohadagi islohotlar haqida ma’lumot berildi. Inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalarini bajarish, milliy harakat rejalarini ishlab chiqish, xalqaro shartnomalar qoidalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilishni ta’minlash mavzulari mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

 Muloqot jarayonida xalqimiz xohish-irodasi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilangani, insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilayotganiga oid masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Bundan tashqari, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot taqdim etildi.

Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida mehmonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.

Tadbir yakunida amerikalik professor va talabalar Milliy markazning kutubxonasi bilan yaqindan tanishdilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech