BOKU, 24-yanvar. /"Dunyo" AA/. 24-26-yanvar kunlari Ozarbayjonda O'zbekiston fani va madaniyati kunlari bo'lib o'tmoqda, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur tadbirda ishtirok etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya Boku shahriga tashrif buyurdi.
Tashrifning ilk kunida buyuk o'zbek adibi Alisher Navoiy va Ozarbayjon davlat arbobi Xaydar Aliyev haykallarining poylariga hamda Shahidlar xiyobonida gul qo'yish marosimlari, shuningdek, Ozarbayjon qo'lyozmalar institutida «O'zbekiston va Ozarbayjon: madaniyatlar muloqoti» nomli davra suhbati bo'lib o'tdi.
Bundan tashqari, O'zbekiston parlamenti a'zolarining Ozarbayjon Milliy Mejlisi raisi Saxiba Gafarova bilan uchrashuvi hamda parlamentlararo aloqalar bo'yicha do'stlik guruhlarining qo'shma yig'ilishi o'tkazildi.
Mazkur uchrashuvlar davomida tomonlar parlamentlararo hamkorlikning hozirgi holatini tahlil etib, istiqboldagi rejalarni muhokama qildi.
Ozarbayjonda O'zbekiston fani va madaniyati kunlari davom etadi.
- Qo'shildi: 25.01.2024
- Ko'rishlar: 2251
- Chop etish