BISHKEK, 30-yanvar. /"Dunyo" AA/. Qirg'izistonning "Alliance-press.kg" axborot agentligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidovning Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag'ishlangan "Mamlakat ustuni, davlat tayanchi" sarlavhali maqolasini e'lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada qayd etilishicha, bu yil 9-fevral kuni ulug' shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi keng nishonlanadi. Ushbu muborak sana bilan bog'liq madaniyat va ma'rifat tadbirlarining barchasi mantiqan bir-birini to'ldirib, el-yurtimiz ma'naviyatini yuksaltirishda ulkan ahamiyat kasb etadi.
"Alisher Navoiy ma'rifatparvar shaxs sifatida o'zi yashagan davrda ham, keyingi davrlarda ham tarixiy manbalarda alohida qayd etilib, she'riy asarlarda keng ta'rif va tavsif qilingan, – deb yozadi muallif. – Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov ayni sohaning izchil fidoyi tadqiqotchisi va peshqadam mualliflaridan biri hisoblanadi. Bu fikrimizni olimning 2023-yilda nashrdan chiqqan "Amir Alisher. Hayoti va faoliyati" nomli kitobi ham yaqqol tasdiqlab turibdi. Ushbu kitobda, muallifning o'zi ham e'tirof etganidek, "Alisher Navoiyning tarjimai holi eng qadimiy, ilk manbalarda berilgan ma'lumotlar asosida" yoritilgan".
Muallifning ta'kidlashicha, Alisher Navoiy asarlari mag'ziga singdirilgan hayotiy falsafa zamirida odamiylik va bag'rikenglik, ezgulik va adolatparvarlik g'oyalari o'z mujassamini topgan. Yangi O'zbekistonni barpo etayotgan va uchinchi Renessans poydevorini tiklayotgan zamondoshlarimiz shunday ezgu fazilatlarning sohiblari bo'lishi farzu qarzdir.
"Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga qiziqish o'z zamonasidan bugungi kunga qadar so'nmay kelmoqda, ayniqsa, keyingi yillarda tubdan kuchayib bormoqda. Tabiiyki, ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot ilgarilagani sari inson tafakkuri muayyan voqea-hodisaga nisbatan turli qarashlarni namoyon etadi", – deyiladi "Alliance-press.kg" tarqatgan maqolada.
- Qo'shildi: 06.02.2024
- Ko'rishlar: 1978
- Chop etish