O‘zbekiston delegatsiyasi Doha shahrida shu mavzuda o‘tkazilgan forumda qatnashdi
6-7 fevral kunlari Qatarning Doha shahrida “Inson huquqlari nuqtai nazarida oziq-ovqat adolati: voqelik va kelajak muammolari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Yuqori darajada tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiya Qatarning Inson huquqlari bo‘yicha Milliy qo‘mitasi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMT tuzilmalari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansi va Arab davlatlari ligasi bosh kotibiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda 300 dan ortiq hukumat va nohukumat tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Tadbir ochilishida Qatar davlatining Inson huquqlari bo‘yicha Milliy qo‘mitasi raisi Maryam bint Abdullah al-Attiyax, Qatar davlati Munitsipaliteti vaziri Abdullah bint Hamad Abdullah al-Attiyax, Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi bosh kotibi Jassim Bin Mohammed al-Budaivi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari o‘rinbosari Nada al-Nashif, Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Xaifa Abu Gazalex, BMT Oziq-ovqat huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Maykl Faxri va boshqalar so‘zga chiqdi.
Konferensiya ishi asnosida kun tartibidagi mavzu doirasida munozaralar, tahlillar, bilim va ilg‘or tajriba almashish uchun qulay maydon yaratildi. Global oziq-ovqat inqirozini inson huquqlari nuqtai nazaridan tushunishga tizimli munosabatni shakllantirish maqsadida xalqaro va milliy darajada oziq-ovqatga bo‘lgan huquqni amalga oshirish bilan bog‘liq qonunchilik, siyosat, strategiya va dasturlar ko‘rib chiqildi.
Hukumatlar va xalqaro kompaniyalarni oziq-ovqatga bo‘lgan huquqni ro‘yobga chiqarish uchun inson huquqlariga asoslangan yondashuv bilan ishlashga undaydigan ta’sirchan mexanizm va vositalar taklif qilindi. Bunda barcha insonlarga boshqariladigan va samarali qoidalarga muvofiq yil davomida xavfsiz, to‘yimli va yetarli oziq-ovqatdan foydalanish imkoniyatini berish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Bu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022 yili qadimiy va navqiron Samarqand shahri mezbonlik qilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining majlisida bugungi kunda dunyo miqyosida global ahamiyat kasb etayotgan oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga alohida e’tibor qaratib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidlagani haqida to‘xtalish taqozo etiladi. Chunki davlatimiz rahbari o‘shanda ayni shu hayotiy masalalarni keng muhokama etish maqsadida O‘zbekistonda xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surgandi.
Mazkur tashabbus ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va BMT huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO texnik ko‘magida 2023 yil 7-8 sentyabr kunlari Samarqandda Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etildi. Forum yakunida qabul qilingan Global oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risidagi Samarqand deklaratsiyasi O‘zbekiston hukumati tomonidan FAO texnik ko‘magida tashkil etilgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha anjuman yakunlari yuzasidan erishilgan kelishuvlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Doha forumi ishshtirokchilari, shuningdek, barqaror dehqonchilikka erishishning asosiy omili sifatida aholi, jamiyatlar va ekotizimlarning chidamliligini oshiradigan mexanizmlarni tatbiq etish hamda barcha tomonlarning bu boradagi majburiyatlariga qay darajada sodiqligini nazorat qilish salohiyatini kuchaytirish muhimligini qayd etdilar. Tomonlar o‘rtasida ayni sohada o‘zaro muloqot va hamkorlik rejasini ishlab chiqish lozimligi ta’kidlandi.
Ikki kunlik tadbir davomida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning ilg‘or tajribasi ham muhokama etildi. Forum yakunida mazkur masala bo‘yicha xalqaro konfensiyaning tegishli hujjati qabul qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.02.2024
- Ko'rishlar: 1959
- Chop etish