Qatarning Inson huquqlari bo‘yicha Milliy qo‘mitasi raisi bilan uchrashuv bo‘ldi

6 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning Qatar davlati Inson huquqlari bo‘yicha Milliy qo‘mitasi raisi Maryam bint Abdullah al-Attiyax bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv Doha shahrida o‘z ishini boshlagan “Inson huquqlari nuqtai nazarida oziq-ovqat adolati: voqelik va kelajak muammolari” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning birinchi kuni doirasida tashkil etildi.

Tomonlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifi doirasida 2023 yili Dohada imzolangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Qatarning Inson huquqlari bo‘yicha Milliy qo‘mitasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum ijrosi holatini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida inson huquqlari sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Qatar davlatining Inson huquqlari bo‘yicha Milliy qo‘mitasi raisini joriy yilda mamlakatimizda o‘tkaziladigan “Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi”ga taklif etdi. Maryam bint Abdullah al-Attiyax xonim do‘stona taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi.

A.Saidov Doha shahriga tashrifi davomida, shuningdek, Qatar Tashqi ishlar vazirligi Inson huquqlari bo‘yicha departamenti direktori Turki Abdulla Zaid Ol Mahmud, Turkiya Respublikasi Ombudsmani Sheref Malkoch, Ummon davlatining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Rashid Hamad Humaid al-Balushi, Gana Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Jozef Vital bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

Bu uchrashuvlarda tomonlar bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Hamkor davlatlarning inson huquqlari sohasida amalga oshirayotgan islohotlari samaralari muhokama etildi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbarining Qatar Parlamenti Spikeri Hassan bin Abdulla al-Ganim va boshqa rasmiy shaxslar bilan ham uchrashuvlari o‘tkazildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech