VARSHAVA, 9-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Polshadagi elchixonasida «O'zbekiston va Yevroparlament o'rtasidagi muloqot va hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga yangicha yondashuv» mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi raisi Dilorom Fayziyeva boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi, davlat organlari, fuqarolik va ilmiy jamiyatlar, tahliliy doiralar, Polsha ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga xalqaro tajriba va jamoatchilik muhokamasi natijalari asosida qabul qilingan «O'zbekiston – 2030» strategiyasining asosiy yo'nalishlari, yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va ahamiyati, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va unga a'zo davlatlar bilan ko'p qirrali o'zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari haqida ma'lumotlar berildi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar, O'zbekiston-Polsha munosabatlarining ijobiy xarakteri va dinamikasini, savdo, mehnat migratsiyasi va madaniy almashinuv masalalarida hali foydalanilmagan salmoqli salohiyat mavjudligini ta'kidladilar.
«O'zbekiston parlamenti vakillari bilan juda yaxshi uchrashuv bo'ldi. Gap aloqalarimiz haqida ketyapti, bu muhim, chunki Markaziy Osiyo endi nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki Polshaning ham diqqat markazida. O'zbekistonning iqtisodiy ko'rsatkichlari hayratlanarli, iqtisodiyot har yili o'rtacha 6 foizga o'smoqda. O'zbekiston Prezidentining xalqaro maydondagi faolligi hayratlanarli. Rasmiy Toshkent ko'p tomonlama diplomatiya olib bormoqda. 2023-yilda davlatingiz rahbarining Fransiya va Germaniya yetakchilari bilan uchrashuvlari, «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» sammiti va boshqa uchrashuvlar buning dalilidir», - dedi "Polsha-Osiyo" savdo-sanoat palatasi rahbari Yanush Pexochinskiy.
- Qo'shildi: 12.02.2024
- Ko'rishlar: 2079
- Chop etish