Varshava shahrida O'zbekiston-Polsha parlamentlararo muzokaralari bo'lib o'tdi

VARSHAVA, 14-fevral. /"Dunyo" AA/. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi raisi Dilorom Fayziyeva boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Polshaga tashrifi doirasida Seym ( quyi palata) raisi o'rinbosari Kristof Bosak va Senat vitse-marshali Mixal Kaminskiy bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilayapti "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Ikki mamlakat o'rtasida parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, hududlararo aloqalarni faollashtirish, savdo, transport yo'laklari, "yashil" iqtisodiyot va boshqa masalalar ko'rib chiqildi.

Tomonlar ikki davlatning siyosiy, savdo-iqtisodiy doira vakillari o'rtasidagi aloqalar faollashganini qayd etgan holda, davlatlararo hamkorlikning asosiy yo'nalishlarini amalga oshirish uchun samarali shartnomaviy-huquqiy bazani yaratish bo'yicha ishlarni davom ettirish zarurligini ta'kidladilar.

O'zbekiston va Polsha parlamentlarining sarmoyalarni jalb etish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari o'rtasidagi aloqalar ko'lamini kengaytirish, ta'lim va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalari xususida fikr almashildi.

Seym spikeri o'rinbosari Kshishtof Bosak O'zbekiston tomoniga Polsha parlamenti bilan konstruktiv muloqot, o'zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash tarafdori ekanligi uchun minnatdorlik bildirdi. Parlament a'zosining aytishicha, so'nggi paytlarda YIda iqlim bo'yicha kun tartibi mustahkamlangan va a'zo mamlakatlardagi ishlab chiqaruvchilar uchun turli to'lovlar joriy etilgan.

Senat vitse-marshali Mixal Kaminskining ta'kidlashicha, Polsha ikki davlat manfaatlarini hisobga olgan holda O'zbekiston bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish tarafdoridir. Shu nuqtai nazardan, O'zbekistondagi barqarorlik Markaziy Osiyoda iqtisodiy o'sish va integratsiya jarayonlarini faollashtirishning kaliti hisoblanadi. «Markaziy Osiyo davlatlarida barqaror xavfsizlikni ta'minlash Polsha tomoni manfaatlariga to'liq javob beradi», — dedi u.

Polsha tomoni joriy yilning mart oyida Toshkent – Varshava to'g'ridan-to'g'ri havo qatnovlarini yo'lga qo'yilishi O'zbekiston-Polsha hamkorligini ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Powered by GSpeech