O'zbekiston va Qatar parlamentlararo aloqalari yuqori darajaga ko'tariladi

TOSHKENT, 14-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisining Qatar Sho'ro Kengashi bilan hamkorlik bo'yicha parlamentlararo guruhi hamda Qatar Sho'ro Kengashining Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo'yicha parlamentlararo do'stlik guruhi o'rtasida onlayn uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament quyi palatasi ma'lumotiga ko'ra, unda Oliy Majlis tomonidan Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov, O'zbekiston–Qatar parlamentlararo do'stlik guruhi rahbari Nodir Jumayev, Qatar Sho'ro Kengashi tomonidan Moliyaviy va iqtisodiy ishlar masalalari qo'mitasi a'zosi, Qatar Sho'ro Kengashi Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo'yicha parlamentlararo do'stlik guruhi rahbari Ahmad al-Xitmi hamraislik qilishdi.

Suhbat avvalida Qatar tomoniga mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida batafsil ma'lumot berildi.

Tomonlar aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida ikki mamlakat parlamentlarida tuzilgan hamkorlik bo'yicha parlamentlararo guruhlari o'rtasidagi bu kabi muntazam ravishda tashkil etiladigan uchrashuvlar o'zaro munosabatlarni yangi pog'onaga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etishdi.

Qatar Sho'ro Kengashi Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo'yicha parlamentlararo do'stlik guruhi rahbari mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy o'zgarishlarga yuksak baho berdi. Xususan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat natijasida Markaziy Osiyoda butunlay yangi ishonch va o'zaro anglash muhiti shakllangani, shuningdek mintaqaning boshqa mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar sifat jihatidan yuqori darajaga ko'tarilganini ta'kidladi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy, savdo-investitsion, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi kelishuvlarning ijrosini ta'minlashda parlament ta'sirini kuchaytirish maqsadida O'zbekiston Oliy Majlisi va Qatar Sho'ro Kengashi o'rtasidagi hamkorlik bo'yicha Memorandumni imzolash taklifi bildirildi.

Qatar tomoni kelgusida ikki mamlakat o'rtasidagi savdo, investitsiya, ilm-fan va ta'lim, madaniyat va sport hamda transport sohalarida sheriklikni yo'lga qo'yish va yanada kengaytirish hamda ushbu yo'nalishlarda hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlararo munosabatlar muhim o'rin tutishini alohida ta'kidladi.

Shuningdek, tomonlar o'zaro investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun Qatar kompaniyalarining salohiyatidan foydalangan holda qo'shma loyihalarni amalga oshirish, O'zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini Qatar bozoriga eksport qilish yo'lida hamkorlikni kuchaytirish, ikki davlat fuqarolari uchun qulay sayyohlik sharoitlarini yaratish, madaniyat, sport va milliy madaniy merosni asrab-avaylash sohalarida yangi kelishuvlarga erishish, ikki davlat vakillarining turli tadbirlardagi ishtirokini ta'minlash va boshqa muhim masalalar bo'yicha o'zaro fikr almashdilar.

Uchrashuv ochiq va konstruktiv ruhda o'tdi.

Powered by GSpeech