O'zbekistonda ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va sud-huquq sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar Gaagada e'tirof etildi

GAAGA, 17-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh prokuror o'rinbosari Svetlana Ortiqova boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan Gaagada bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Shu yilning 13-14-fevral kunlari bo'lib o'tgan tashrif doirasida O'zbekiston tomoni bir qator tadbirlarda qatnashdi va ko'plab muhim uchrashuvlar o'tkazdi.

 Jumladan, safar davomida Xalqaro xususiy huquq bo'yicha Gaaga konferensiyasi bilan hamkorlikda O'zbekistonda ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy, sud-huquq sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag'ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Niderlandiyaning siyosiy-huquqiy, iqtisodiy va gumanitar doira vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Xorij tomoniga O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma'lumotlar berildi.

Niderlandiya vakillari O'zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar doirasida amalga oshirilgan demokratlashtirish va inson huquqlari sohasidagi muhim o'zgarishlarni ijobiy baholashdi.

O'zbekistonning mintaqaviy siyosati natijasida sog'lom siyosiy va iqtisodiy muhit, yaxshi qo'shnichilik va qardoshlik an'analari mustahkamlanayotgani alohida ta'kidlandi. Markaziy Osiyoning jahon siyosatidagi o'rni, uning investitsiyaviy jozibadorligi ortib borayotganiga qayd etildi.

 Mamlakatimiz delegatsiyasining Niderlandiya parlamenti Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi va a'zolari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvi davomida niderland deputatlari O'zbekistonda yuz berayotgan keng ko'lamli demokratik o'zgarishlarga katta qiziqish bildirdilar. O'zbekiston jadal rivojlanayotgani, respublikadagi barqarorlik va aholi farovonligi asosiy yutuqlar sifatida e'tirof etildi.

Respublikaning ko'p vektorli faol tashqi siyosati, yetakchi mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan yo'lga qo'yilgan tizimli hamkorligi ijobiy baholandi. Ikki mamlakat parlamentlari o'rtasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish muhimligi alohida ta'kidlandi.

Powered by GSpeech