BRYUSSEL, 5-mart. /"Dunyo" AA/. Yevropa geosiyosiy forumi saytida "Akmal Saidov: O'zbekiston BMT va uning institutlari bilan amaliy muloqotga, shuningdek, dunyoning barcha davlatlari bilan keng va o'zaro manfaatli hamkorlikka hamisha tayyor" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada xabar qilinishicha, Jenevada bo'lib o'tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashi sessiyaning Oliy darajadagi segmentida O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov ma'ruza bilan ishtirok etdi.
"Konstitutsiyada birinchi marta inson huquqlari bo'yicha ham xalqaro, ham milliy organlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. "Miranda qoidalari" va "Xabeas korpus" kabi xalqaro miqyosda tan olingan yuridik institutlar konstitutsiyaviy mustahkamlandi. Shuningdek, bepul yuridik yordam ko'rsatishni nazarda tutadigan "Pro bono" instituti ham konstitutsiyaviy maqomga ega bo'ldi", – deyiladi Yevropa geosiyosiy forumi saytida.
Ta'kidlanishicha, so'nggi yillarda O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida salmoqli natijalarga erishilgan bildirildi. Mamlakatda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga butunlay barham berildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ko'ra, endilikda nafaqat bolalar mehnati va majburiy mehnatni taqiqlash kafolatlandi, balki bunday huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik ham joriy etildi. Shuningdek, mamlakatda ayollar va voyaga yetmaganlarni zo'ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan alohida qonun qabul qilingan.
"O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi va YEXHT/DIIHB bilan hamkorlikda joriy yil iyun oyida iqlim o'zgarishi va inson huquqlariga bag'ishlangan IV Samarqand forumini o'tkazadi. Shu munosabat bilan Akmal Saidov o'z so'zining yakunida Inson huquqlari bo'yicha kengashning 55-sessiyasi ishtirokchilarini ushbu forumga taklif etdi", – deyiladi maqolada.
- Qo'shildi: 04.03.2024
- Ko'rishlar: 1953
- Chop etish