Joriy yilning 3-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Parlament komissiyasi a’zolari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari mas’ullari, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) va Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Komissiya yig‘ilishini Parlament komissiyasi raisi A. Saidov olib bordi.
Yig‘ilish avvalida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan tayyorlangan 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risida axboroti tinglandi.
Qayd etilganidek, 2023-yilda mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim voqea — yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi umumxalq referendumi yo‘li bilan qabul qilindi. Unda “davlat-jamiyat-inson” tamoyili “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga o‘zgartirildi. Ya’ni inson huquqlari va manfaatlari hamma narsadan ustun qo‘yildi.
Shuningdek, navbatdan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish jarayonlarida saylovlarda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 34 ming 338 nafar shaxslarga ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyati berildi. 2016-yildan buyon inson huquqlarini himoya qilish har 4 ta davlatdan 3 tasida yomonlashgan. Shunga qaramay, O‘zbekiston mintaqaviy reytingda 15 ta davlat ichida 8-o‘rinni egalladi. 2016 — 2023-yillar oralig‘ida 77 foiz davlatlarda asosiy huquqlarni himoya qilish indeksida sezilarli pasayish kuzatilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu sohada o‘sish qayd etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 78 banddan iborat “Yo‘l xaritasi” qabul qilingan. Ayni paytda 63 ta band bo‘yicha ishlar bajarilgan, 1 ta band nazoratdan yechilgan, 14 ta band amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi Ishchi guruhining 44 sessiyasida O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan ma’ruza bo‘yicha 84 ta davlat so‘zga chiqdi va 244 ta tavsiya berildi. Ushbu tavsiyalarda O‘zbekistonda so‘z va OAV erkinligini ta’minlash, bolalar huquqlarini himoya qilish, onalar va bolalar o‘limini kamaytirish, inson huquqlari bo‘yicha uzluksiz ta’lim tizimini yaratish, ayollar huquqlari va gender tengligini ta’minlash, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, korrupsiya, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samarali natijalari e’tirof etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning 2023-yilda xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish bo‘yicha taqdim etgan ma’lumotlari komissiya a’zolari tomonidan oldinda turgan ishlarni belgilash, ularni amaliyotga tatbiq etishda ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan sohalarni aniqlashga yordam berishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda komissiya a’zolari “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro pakt qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi ijrosini muhokama qildilar.
Ma’lum qilinganidek, BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 — 2026- yillarga mo‘ljallangan Milliy harakat rejasining 34 ta bandida belgilangan vazifalarning 11 ta bandi bo‘yicha ishlar bajarilgan. 5 ta band bo‘yicha ijro muddati uzaytirilgan bo‘lsa, 18 ta bandni amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda “BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Beshinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha 2024 — 2027-yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasi”ning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumot muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
- Qo'shildi: 06.05.2024
- Ko'rishlar: 1763
- Chop etish