Atrof-muhit inson salomatligi va hayotiga ta’sir qiluvchi muhim omildir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligining 30-40 foizi atrof-muhit holatiga bog‘liq.
Qulay atrof-muhit tabiiy zaxiralar qisqarayotgan, global iqlim o‘zgarishi, ekologiya va tabiat bilan bog‘liq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois, ko‘pgina rivojlangan davlatlarda ham ushbu muammo keng muhokama etilmoqda hamda ekologiya, atrof-muhit muhofazasiga oid yangi normalar konstitutsiyalarga kiritilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 49-moddasida ham Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish va tiklash, uni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha davlat tomonidan choralar ko‘rilishi mustahkamlab qo‘yilgan.
Poytaxtimizda “Fuqarolarning ekologik huquqlarini targ‘ib qilish va himoya qilishda ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistlarning o‘rni” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, xalqaro ekspertlar, ekologlar ishtirok etdi.
Seminar davomida O‘zbekistondagi asosiy ekologik muammolar, bu muammolarni yoritishda yuzaga keladigan qiyinchiliklar, bu borada hukumatning fuqarolik jamiyati bilan yanada samarali hamkorlik qilishi kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda Butunjahon ekologik xartiyasining qabul qilinishi, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ko‘chati ekilishi, BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini “ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasining qabul qilinishi va boshqa islohotlar qayd etildi. Qonunchilikda har bir fuqaroning qulay atrof-muhit va uning holati to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olish huquqi mustahkamlangan va har bir fuqaro atrof-muhitni muhofaza qilishga majbur ekani belgilab qo‘yilgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda suvni tejovchi va energosamarador texnologiyalarni tatbiq etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, ekologik toza transportlar sonini oshirish va yashil maydonlarni ko‘paytirish orqali “yashil o‘sish” tamoyillari integratsiyasi ustida ish olib bormoqda. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ekologik muammolar muhokamasiga jamoatchilik keng jalb qilingan. Bu aholining ekologik bilimlarini va ularning atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq muammolardan xabardorligini oshirishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 17.05.2024
- Ko'rishlar: 2003
- Chop etish