Fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlar kuchaytirilmoqda.
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalari hukumatlari vakillari o‘z mamlakatlari barcha bolalarning tug‘ilganida ro‘yxatga olinishini ta’minlash tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlash uchun Toshkent shahrida uchrashdi.
Tadbir BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha agentligi tomonidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Fuqarosizlik, ya’ni fuqarolikka ega emaslik – hech bir davlat muayyan shaxsni o‘z fuqarosi deb tan olmaydigan holat. Bu muammo butun dunyo bo‘ylab millionlab insonlar, jumladan, faqat Markaziy Osiyoning o‘zidagina 37 mingdan ortiq kishining taqdiriga ta’sir ko‘rsatmoqda.
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar aksariyat hollarda ta’lim olish, munosib ishga joylashish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va erkin harakatlanish kabi asosiy huquqlardan mahrumdir.
Shu ma’noda, bolaning tug‘ilganligi holatini ro‘yxatga olish uning huquqiy maqomini ta’minlaydigan va kelgusida jamiyat taraqqiyotida faol ishtirok etish imkonini beradigan dastlabki va eng muhim qadamdir.
Bu huquqiy maqomga ega bo‘lgan shaxslar soliq hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sug‘urta badallarini qonun doirasida to‘lash imkonidan foydalanadi. Qolaversa, o‘z hamjamiyatlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov milliy qonunchilikka 2018 yili yurtimizda tug‘ilgan barcha bolalar uchun tug‘ilganlikni qayd etishni kafolatlovchi o‘zgartirishlar kiritilganini qayd etdi. Natijada so‘nggi besh yilning o‘zida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni 75 foizdan ko‘proqqa qisqarishiga erishdik.
– Hammani shaxsini tasdiqlaydigan yuridik hujjatlar bilan ta’minlash, shu jumladan, bolalarga ularning tug‘ilganligi haqida rasmiy qaydnoma taqdim etish masalasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarida mustahkamlab qo‘yilgan, – dedi BMTning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal. – Markaziy Osiyo mamlakatlarining fuqarosizlik holatlarini kamaytirish va yo‘qotish bo‘yicha sa’y-harakatlari muhim natijalar berganini BMT yuqori baholaydi. Binobarin, bu yutuqlar majburiy ko‘chirilgan va fuqaroligi bo‘lmagan insonlarning chetda yolg‘izlanib qolmasligi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga munosib hissa qo‘shishi uchun xizmat qiladi.
Konferensiyada 2014 yili BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan fuqarosizlikka barham berish uchun #IBelong global kampaniyasiga start berilgani ta’kidlandi. Joriy yilda yakuniga yetayotgan mazkur o‘n yillik kampaniya butun dunyo davlatlarida fuqarosizlikni kamaytirish va yo‘qotish bo‘yicha sa’y-harakatlar izchil kuchayishiga turtki bo‘ldi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 20.05.2024
- Ko'rishlar: 1701
- Chop etish