Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumining uchinchi yalpi majlisida iqlim o‘zgarishi sharoitida inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha global strategiya va hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Iqlim bilan bog‘liq tashabbuslarni amalga oshirishda inson huquqlarini ta’minlash nuqtayi nazaridan yondashishning muhimligi, biznes va fuqarolik jamiyatining bu boradagi roli haqida atroflicha fikr almashildi.
Uchinchi yalpi majlisga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari Jamshid Urunov va YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Missiya rahbari Elchi Antti Karttunen moderatorlik qildi.
Munozaralar asnosida o‘zgaruvchan iqlim sharoitida inson huquqlarini samarali himoya qilish borasidagi mavjud xalqaro va mintaqaviy hujjatlar teran tahlilga tortildi. Bu borada sayyoramizda barqaror hamda adolatli hayot sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan yangi global strategiyalar va birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish talabi shuni taqozo etdi.
Mavzu yuzasidan Quvayt universiteti xalqaro huquq kafedrasi assistenti professor Fatemah al-Zubairiy, Yaponiyaning Nagoya universiteti prezidenti maslahatchisi Aya Okadaning ma’ruzalari tinglandi. Shuningdek, BMTning Turizm bo‘yicha ijrochi direktori Zoritsa Urosevich, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy ofisi vakili doktor Kristina Martinez, BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi Gender siyosati xodimi Karen Bernard, DAF (Van Doorne’s Automobiel Fabriek) kompaniyasi Mas’uliyatli biznes yuritish markazi siyosiy tahlilchisi Santhosh Persaudning onlayn-ma’ruzalari tinglandi.
So‘zga chiqqanlar faqat joriy muammolarni sanab o‘tish bilan cheklanib qolmasdan, iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’siriga moslashish, ekologik ofatlarning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishga oid istiqboldagi rejalar yuzasidan amaliy takliflarini bildirdilar. Bu jarayonlarda biznes va fuqarolik jamiyati vakillarining qaysi masalalarda yetkachi mavqeni egallashi yuzasidan mavjud ibratli tajribalar tahlil qilindi va yangi amaliy takliflar tavsiya etildi.
Muhokamalarda Ozarbayjon Respublikasi Huquq va inson huquqlari instituti Inson huquqlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash va ekspertiza bo‘limi boshlig‘i Vusala Muradxanli, Jenevadagi Xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari akademiyasi kichik ilmiy xodimi Baina Ubushiyeva, “Civitta Central Asia” kompaniyasi bosh direktori Saidkamolxon Burxonov so‘zga chiqdi.
Onlayn-munozaralarda BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasi Atrof-muhit masalalari bo‘yicha xodimi Leonid Kalashnik va yordamchi-maslahatchi Kseniya Nechunayeva, Angliya va Uels huquq jamiyatining iqlim o‘zgarishi siyosati bo‘yicha maslahatchisi Alasdair Kameron, Polshaning Siedlce universiteti professori Eji Shukalski, bola va oila huquqi bo‘yicha rossiyalik ekspert Anna Tarasova, BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili o‘rinbosari Dumitru Lipkanu, Qozog‘istonning "Ijtimoiy-ekologik fond" NNT direktori Vadim Ni ishtirok etdi.
Ishtirokchilarning fikricha, iqlimni inson huquqlariga daxl qilmagan holda sog‘lomlashtirish bilan bog‘liq ezgu maqsadlarga erishishda zamonaviy innovatsiya texnologiyalari va yangicha iqtisodiyot modellari beqiyos ahamiyatga egadir. Shu nuqtayi nazardan, Samarqand forumida yashil texnologiyalar va barqaror faoliyat amaliyotining samaradorlik bilan hayotga tatbiq etilishiga oid ilg‘or misollar ko‘rib chiqildi hamda tadbirkorlar va jamiyat a’zolarini ekologik mas’uliyati uchun rag‘batlantirish mexanizmlarini tatbiq etish imkoniyatlari xususida fikr yuritildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.06.2024
- Ko'rishlar: 1785
- Chop etish