Inson huquqlari bo‘yicha IV Samarqand forumi davom etmoqda. Forumga BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk videomurojaat yo‘lladi.
F.Tyurk iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi har bir insonga ta’sir o‘tkazishini qayd etdi.
Bu, nafaqat sayyoramiz uchun, balki inson huquqlari uchun ham inqirozdir. Ekologik ofatlar sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat, suv va sanitariya huquqlariga, hatto yashash huquqiga ham bevosita ta’sir qiladi.
Ma’lumki, 2022 yilda BMT Bosh Assambleyasi bu sohada muhim rezolyutsiyani qabul qilib, odamlar hamma joyda toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitga ega bo‘lish huquqiga ega ekanligini tan oldi.
BMTga a’zo davlatlarning qariyb 83 foizi, jumladan, O‘zbekiston ham o‘z ichki qonunchiligida sog‘lom muhit huquqini rasman tan olgani juda muhim.
– O‘zbekistonga o‘tgan yilning mart oyida tashrif buyurgan edim, – dedi F.Tyurk. – O‘shanda odamlarning mamlakatga taalluqli inson huquqlari, jumladan, atrof-muhitga oid masalalarni hal etishga bo‘lgan qat’iyati meni hayratga soldi. O‘zbekiston ham iqlim o‘zgarishidan kelib chiqadigan inson huquqlari inqirozini hal qilish bo‘yicha qat’iy majburiyatlarni zimmasiga olgan. Masalan, men yaqinda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib aynan O‘zbekiston BMTning Suv va salomatlik bo‘yicha Yevropa protokoliga qo‘shilganini olqishlayman.
O‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasida, shuningdek, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida ham O‘zbekiston iqlim bilan bog‘liq masalalarni, jumladan, migratsiya va ko‘chish muammolarini hal etish, shuningdek, atrof-muhit muammolarida yoshlarning ishtirokini kengaytirish majburiyatini zimmasiga oldi.
«O‘zbekistonning Universal davriy sharh tavsiyalarini bajarish bo‘yicha mas’uliyatli jarayonlarda izchil ishtirok etayotganini mamnuniyat bilan qayd etaman. Bunday muhim faoliyat natijasida xalqaro hamjamiyat tomonidan mamlakatda inson huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi va ular izchillik bilan bajarilmoqda.
Muxtasar aytganda, agar biz qat’iyat bilan harakat qilmasak va aynan hozirdanoq istiqbolli sa’y-harakatlarga kirishmasak, atrof-muhit degradatsiyasining halokatli oqibatlari sayyoramizdagi obod hayotni chaqmoq tezligida barbod qilishda davom etadi. Bu borada faqat tenglik, adolat va qadr-qimmatni e’zozlashga tayanadigan inson huquqlari tizimiga asoslangan harakatlargina bizga juda zarur bo‘lgan yechimlarni taqdim etishi mumkin», dedi F.Tyurk.
Norgul Abduraimova,Alisher Isroilov (rasmlar),
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 16.06.2024
- Ko'rishlar: 1823
- Chop etish