ISLOMOBOD, 13-iyun. /"Dunyo" AA/. Pokiston ommaviy axborot vositalari 13-14-iyun kunlari bo'lib o'tadigan Inson huquqlari bo'yicha IV Samarqand forumini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo"AA muxbiri.
Jumladan, ushbu mamlakatning "Diplomatic News Agency – DNA" axborot agentligi, "The Diplomatic Insight" jurnali, "Islamabad Post", "Daily Spokesman" va "Daily Ittehad" gazetalari, "The Gulf Observer", "Election Times", "Europe Today", "NewzTodays" va "WorldNews" singari yetakchi ommaviy axborot vositalari ushbu mavzudagi materiallarni e'lon qildi.
Ularda qayd etilishicha, forumda asosiy e'tibor iqlim o'zgarishlarining inson huquqlariga ko'rsatadigan salbiy ta'sirini yumshatishga oid aniq tavsiya va yechimlar tayyorlashga qaratiladi.
"Bu boradagi munozaralar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va o'zgarayotgan iqlim sharoitida har bir insonning huquqlarini himoya qilish uchun ko'maklashadigan samarador strategiya va yondashuvlarni ishlab chiqish uchun turli soha mutaxassislariga qulay maydon bo'lib xizmat qilishi kutilmoqda", – deb yozilgan materiallarda.
Forumning milliy tashkilotchilari – Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi va O'zbekiston Adliya vazirligi hamda "Taraqqiyot strategiyasi" markazidir. Shuningdek, xalqaro hamkorlar BMTning O'zbekistondagi jamoasi hisoblanadi.
"Xususan, xalqaro sheriklar safida, BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi, BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi, shuningdek, Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi fondlarning mamlakatimizdagi vakolatxonalari bor", – deya ta'kidlagan Pokiston OAV.
- Qo'shildi: 19.06.2024
- Ko'rishlar: 1904
- Chop etish