AMSTERDAM, 5-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov Niderlandiya Bosh shtatlari (parlamenti) Vakillar palatasining Tashqi ishlar qo'mitasi raisi Raymond de Run bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida tomonlar O'zbekiston–Niderlandiya parlamentlararo hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar.
Raymond de Run O'zbekiston va Niderlandiya o'rtasidagi parlamentlararo aloqalar dinamikasi oshib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Niderlandiya tomoni O'zbekiston Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, demokratlashtirish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlariga katta qiziqish bildirdi.
Tomonlar, shuningdek, parlamentning davlat organlari tizimidagi rolini oshirish, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasidagi ishlar yuzasidan fikr almashdilar.
O'zbekiston–Niderlandiya parlamentlararo aloqalarini ikki va ko'p tomonlama, jumladan, Parlamentlararo ittifoq hamda Yevropa parlamenti doirasida rivojlantirish muhimligi ta'kidlandi.
- Qo'shildi: 05.07.2024
- Ko'rishlar: 1701
- Chop etish