Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha Xitoy jamiyati doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Szyango boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida delegatsiya a’zolariga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, uning doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, S. Szyango ilik va do‘stona munosabat uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi yillarda Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpinning qat’iy siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarning barcha yo‘nalishida o‘zaro munosabatlar faollashib, ko‘p tomonlama muloqotlar mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyida Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi chuqur ramziy ma’noga egaligini, uning davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladi.
O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan mamlakatda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba shakllanganini, ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlariga taalluqli konstitutsiyaviy normalar uch baravardan ortiq ko‘payganini e’tirof etdi.
Shuningdek, Xitoy jamiyati doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi tubdan o‘zgargani, inson, uning kadri va manfaatlarini ifoda etadigan mutlaq yangicha munosabatlar kirib kelganini yuqori baholadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etishni ta’minlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi diqqatga sazovor. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoyda inson huquqlarini himoya qilish sohasiga qaratilgan dasturlarning maqsad va vazifalari ham o‘xshash.
Samimiy va do‘stona ruxda o‘tgan uchrashuvda tomonlar inson huquqlarini ta’minlash sohasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.
«Xalq so‘zi».
- Qo'shildi: 30.07.2024
- Ko'rishlar: 1396
- Chop etish