INSON HUQUQLARI BOʻYICHA XALQARO TAJRIBANI OʻZBEKISTONDA JORIY ETISH ISTIQBOLLARI

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy boʻlinmasi va Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi bilan hamkorlikda “BMTнинг shartnomaviy organlari qoidalari va individual holatlar boʻyicha maxsus tartib-qoidalar tavsiyalarini implementatsiya qilish”ga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda qator huquqiy vazirlik va idoralar, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi hamda uning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy boʻlimi hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida BMT shartnomaviy organlarining individual ishlar boʻyicha tavsiyalarini amaliyotga tatbiq etish va bunda xalqaro tajribalarni qoʻllash, BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi tavsiyalarini Oʻzbekistonda joriy etish imkoniyatlari boʻyicha xalqaro ekspertlarning taklif va mulohazalari tinglandi. 

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Ijrochi direktori Eldor Tulyakov soʻzga chiqib, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga toʻxtalib oʻtdi. 

– 2023-yilda qabul qilingan Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat sifatida mustahkamlandi. Shu bilan birga, ilk bor Konstitutsiyaga «Fuqarolik jamiyati institutlari»ga bagʻishlangan alohida bobning kiritilishi demokratik islohotlarning yangi bosqichiga yoʻl ochdi. Bu orqali davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolarning ishtiroki huquqiy jihatdan keng kafolatlandi. Davlat organlariga murojaat qilish tartiblari takomillashtirilib, fuqarolarga bevosita Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berildi. Shuningdek, maʼmuriy sudlar aholining huquqlarini samarali himoya qila boshladi va ular chiqarayotgan qarorlarning koʻpchiligi fuqarolar manfaati yoʻlida hal etilayotgani alohida eʼtirofga loyiq, – dedi E.Tulyakov. 

Tadbir davomida BMT shartnomaviy organlari mulohazalarining yuridik maqomi va huquqiy tabiati, ularni milliy huquqiy tizimga implementatsiya qilish yoʻllari, shuningdek, tegishli xalqaro majburiyatlarni bajarishda Oʻzbekiston duch kelayotgan amaliy muammolar va imkoniyatlar batafsil koʻrib chiqildi. 

BMTning Maxsus tartib-taomillari mexanizmlari, shu jumladan maxsus maʼruzachilarning tavsiyalari va ularni boshqa mamlakatlarda muvaffaqiyatli joriy etish misollariga alohida eʼtibor qaratildi.

Muhokamalar yakunida bir qator amaliy tavsiyalar, jumladan, qisqa va oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlarni belgilash boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.


“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati

Powered by GSpeech