O‘zbekiston vakili Sankt-Peterburgdagi yuridik forumda ishtirok etdi
O‘zbekistonda, jumladan, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli qonunchilik islohotlari amalga oshirilmoqda. Akademik Akmal Saidov 20-may kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan “Konstitutsiyaviy nazorat va zamonamizning global tahdidlari” nomli xalqaro anjumandagi nutqida shu haqda so‘z yuritdi.
Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudining xalqaro anjumani dunyoning turli mamlakatlaridan konstitutsiyaviy adliya organlari, parlament tuzilmalari, ilmiy-ekspert hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar vakillarini bir yerga to‘pladi.
Ekspertlar hamjamiyati geosiyosiy transformatsiya, texnologiyalarning shiddatli rivojlanishi, iqlim o‘zgarishlari, sun’iy intellektning yoyilishi hamda davlatlarning huquqiy tizimlariga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa omillar sharoitida konstitutsiyaviy nazorat organlari oldida turgan zamonaviy tahdidlarni muhokama qildi.
Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Valeriy Zorkin anjumanni ochar ekan, global beqarorlik sharoitida davlatchilik barqarorligini ta’minlash, konstitutsiyaviy qadriyatlarni himoya qilish va qonun ustuvorligi tamoyillarini mustahkamlashda konstitutsiyaviy odil sudlov alohida ahamiyat kasb etishiga e’tiborni qaratdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, akademik Akmal Saidov o‘z ma’ruzasida konstitutsiyaviy qadriyatlar texnologik va geosiyosiy o‘zgarishlar davrida huquqiy tartibga solishning mustahkam asosi bo‘lib qolishi zarurligini ta’kidladi. O‘zbekistonda huquqiy va ijtimoiy davlat tamoyillarini mustahkamlash, sud hokimiyati mustaqilligini va inson huquq hamda erkinliklari kafolatlarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli qonunchilik islohotlariga alohida ahamiyat berilayotgani qayd etildi.
Konferensiya doirasida konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda konstitutsiyaviy nazorat organlari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Forum ishtirokchilari zamonaviy global tahdidlarga birgalikda munosabat bildirish maqsadida konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida kasbiy muloqotni davom ettirish va ilg‘or tajribalar almashish muhimligini alohida ta’kidladilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский