2026-yil 22–23-iyul kunlari Bishkek shahrida “Markaziy Osiyoda transchegaraviy hamkorlikda ayollar ishtirokini kengaytirish va gender jihatlarini joriy etish” mavzusida mintaqaviy seminar bo‘ldi. Tadbir Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi doirasida tashkil etildi.
Seminar ishida Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning davlat organlari hamda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari vakillari, shuningdek, xalqaro hamkorlar va ekspertlar qatnashdi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan – Bojxona qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.
Ishtirokchilarning asosiy e’tibori tegishli idoralar faoliyatiga gender yondashuvni integratsiya qilish, chegaralarni boshqarish va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasida xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirish, shuningdek, milliy va mintaqaviy miqyosda ilg‘or tajriba hamda olingan saboqlar bilan almashish masalalariga qaratildi.
Ishtirokchilar davlat muassasalari faoliyatiga gender yondashuvni joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajriba va olingan saboqlarga bag‘ishlangan milliy taqdimotlar bilan so‘zga chiqdilar.
Seminar yakunida Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va xavfsizlikning ajralmas qismi sifatida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda gender tenglik masalalari bo‘yicha muloqotni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
