Islom hamkorlik tashkiloti inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro seminar o‘tkazmoqda

2022 yil 16 fevralda Istanbul shahrida inson huquqlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ikki kunlik xalqaro seminar boshlandi. Anjuman tashkilotchilari Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi va Turkiya Respublikasi Hukumati hisoblanadi.

Xalqaro anjumanda irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va shu illatlar bilan bog‘liq zo‘ravonliklarga qarshi kurash masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, BMTning Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi, Durban deklaratsiyasi va Harakatlar strategiyasi doirasida erishilgan kelishuvlarning bajarilishiga to‘siq bo‘layotgan muammolar muhokama qilinmoqda.

Seminar ishida IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi a’zolari, xalqaro ekspertlar, hukumat namoyandalari, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yich milliy institutlar, ilmiy doiralar vakillari va fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etmoqda.

Xalqaro tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov onlayn qatnashmoqda.

 Ma’lumot uchun: Bugungi kunda qariyb 2 milliard nafar aholiga ega 57 davlat a’zo bo‘lgan Islom hamkorlik tashkiloti – dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri va eng yirik xalqaro islom tashkilotidir. O‘zbekiston 1995 yil oktyabr oyida mazkur tashkilotga kuzatuvchi, 1996 yil 2 oktyabrdan boshlab to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilingan.

O‘zbekiston tomoni IHTni muqaddas dinimizni tinchlik va taraqqiyot omili sifatida e’tirof etadigan islom dunyosi mamlakatlarining nufuzli va samarador forumi sifatida e’tirof etadi. Shu bois mazkur Tashkilotning mustahkamlanishi va o‘zaro munosabatlarimiz izchil ravnaq topishidan manfaatdormiz.

Ma’lumki, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov 2018-2019 yillarda IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining Osiyo qit’asidan saylangan a’zosi va ushbu Komissiyaning raisi lavozimida faoliyat olib borgan. Shu davrda, ya’ni 2019 yil 7-8 oktyabr kunlari poytaxtimizda IHT Komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo‘lida yoshlar huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi yillik 6-seminari bo‘lib o‘tdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech