BMT Qo‘mitasida O‘zbekistonning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt ijrosi bo‘yicha Uchinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqilmoqda

 2022 yil 23 fevral kuni Jeneva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining onlayn shakldagi 71-sessiyasida Qo‘mita raisi M.E. Abdel-Moneim va qo‘mita a’zolari P.Saran,  L.Xennebel O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalari va Qo‘mita tavsiyalarini bajarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qonunchilik, institutsional, iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, BMT Qo‘mitasi a’zolari O‘zbekiston davriy maruzasi bo‘yicha savollar berdi. Interfaol muloqot davomida O‘zbekiston delegatsiyasi savollarga amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti, davlat statistik ma’lumotlariga asoslanib javob va tushuntirishlar taqdim etdi.

Qo‘mita yig‘ilishida mehnat qilish huquqi, adolatli mehnat sharoitlari, kasaba uyushmalarini tashkil etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat qilish huquqi, kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy ta’minotga bo‘lgan huquqlarni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Qo‘mita a’zolari tomonidan taqdim etilgan savollar tahlili shuni ko‘rsatadiki, xalqaro ekspertlar O‘zbekistonda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish sohasidagi islohotlarni qo‘llab quvvatlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy ma’ruzasi muhokamalarining ikkinchi kuni tafsilotlari qisqacha  shulardan iborat.

O‘zbekistonning uchinchi davriy ma’ruzani ko‘rib chiqish jarayonida O‘zbekiston tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mutasaddi davlat organlari rahbarlaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi va 10 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilot vakillari onlayn qatnashmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech