Qatag‘on qurbonlari: qadri – ulug‘, xotirasi – barhayot

2022 yil 11 aprel kuni “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzoning “Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir 2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlandi.

Taqdimot O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi tomonidan tashkil etildi.

Tadbir “Istibdoddan – Istiqlolgacha” nomli hujjatli film namoyishi bilan boshlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov va boshqalar keyingi davrda mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning hayoti va merosini chuqur o‘rganish hamda keng jamoatchilikka yetkazish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi.

Bu jarayonda Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning erkin va ozod, kelajak avlodlarning tinch, to‘kin hayotini ta’minlash orzusida mardona kurash olib borib, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ulug‘ ajdodlarimiz faoliyati va merosini targ‘ib qilish muhim vazifalardan hisoblanadi.

Yaqinda “Mashrab” nashriyoti tomonidan chop etilgan "Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)" nomli kitob ham ayni shu mavzuda yozilgan. Mazkur qissa tarixiy hujjatlar va muallifning xotira-kechinmalari asosida bitilgan.

Taqdimotda ishtirok etgan tarixchi, huquqshunos va siyosatshunos olimlar, muzey mutaxassislari, jurnalistlar hamda talaba-yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi.

Tadbir doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr etilgan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zA

Powered by GSpeech