Jizzaxdagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari qanday faoliyat ko‘rsatmoqda?

Bugungi kunda Jizzax viloyatida 1 ta viloyat, 1 ta shahar hamda 12 ta tuman “Barkamol avlod” maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Viloyat bo‘yicha 467 ta to‘garak mavjud bo‘lib, ularda umumta’lim maktablarining 13 ming 689 nafar o‘quvchisi turli amaliy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmoqda. Ushbu qamrov viloyatdagi jami o‘quvchilarning bor-yo‘g‘i 5,3 foizini tashkil etadi.

Jizzax shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabida esa ahvol yanada e’tibortalab: bu yerdagi 46 ta to‘garak atigi 1 ming 323 nafar o‘quvchini qamragan. Ya’ni, mazkur ko‘rsatkich maktab o‘quvchilarining 4,7 foizini tashkil etadi, xolos.

Viloyat va shahar “Barkamol avlod” maktablari 2019 yildan buyon o‘z alohida binosiga ega emas. Har ikki ma’rifat muassasasi sobiq “Umid” litseyiga vaqtinchalik joylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori akademik Qalandar Abdurahmonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘rol O‘rozboev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo ushbu maktablar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Mutasaddilar va to‘garak rahbarlari bilan muloqotda viloyat va shahar “Barkamol avlod” maktablarini alohida zamonaviy bino bilan ta’minlash zarurligiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, o‘quvchi-yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha yangicha tizimda ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish haqida  fikrlashildi.

 Viloyat va shahar “Barkamol avlod” maktablariga kitoblar taqdim etildi.

Tashrif davomida poytaxtlik mehmonlarga Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov hamrohlik qildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti

Powered by GSpeech