2022 yil 17 may kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tashkil topganining 4 yilligiga bag‘ishlab shu mavzuda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Gibrid shaklidagi anjumanda dunyoning 20 dan ortiq davlatidan 30 dan ziyod xalqaro va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-amaliy muassasalar rahbarlari va mutaxassislari, shuningdek milliy ekspertlar ishtirok etdi.
Konferensiya yalpi sessiyasi ishini O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari S.Artikova ochdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov onlayn ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Bosh prokuratura Akademiyasining huquq sohasida ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish borasida erishayotgan natijalari va amalga oshirayotgan mustahkam hamkorlik aloqalari alohida qayd etildi. Xususan, o‘tgan 4 yil davomida Akademiya tomonidan kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasida 16 mingdan ziyod tinglovchiga an’anaviy va masofaviy shakllarda ta’lim berilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, milliy ta’lim tizimida mavjud bo‘lmagan “Korrupsiyaga qarshi kurashish” va “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” magistratura yo‘nalishlarining ochildi. Bu muhim qadamlar, o‘z navbatida, ushbu dolzarb sohalarda mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha mavjud bo‘shliqni to‘ldirib, ilmiy salohiyatni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda so‘zga chiqqan xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari, xususan, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar Koordinatori v.b. Xans-Ulrix Im, “Mintaqaviy muloqot” XNNT (Sloveniya) direktori Myusha Sever, Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasi boshlig‘i Idris bin Zaxarudin yuridik kasbiy ta’limni tashkil etishdagi yangi yondashuvlar, Akademiya bilan bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar hamda istiqboldagi hamkorlik borasida fikr yuritdi.
Janubiy Koreyaning Yongin shahri Adliya instituti filiali prezidenti Sherl Oan Park, Fransiya Milliy magistratura maktabi direktori o‘rinbosari Samyuel Leyne, Germaniya Odil sudlov akademiyasi rektori Stefan Yaggi, Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik fondining Berlin bo‘limi rahbari Angela Shmaynk, Xitoy Milliy prokuratura maktabi professori Go Sinyan yuridik soha xodimlari, xususan prokuror-tergov va sud sohasi xodimlari uchun qo‘shimcha kasbiy ta’limni tashkil etish va zamonaviy tahdid va talablarga mos tarzda samarali amalga oshirish, sohada joriy etilayotgan innovatsiyalar borasida tajriba almashdilar.
Konferensiya doirasida, shuningdek “Yuridik kasb uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” hamda “Yuridik amaliyot va ta’limning raqamli transformatsiyasi” mavzularida sessiyalar bo‘lib o‘tdi.
Faol muhokamalar davomida yetakchi xorijiy va milliy ekspertlar tomonidan yuridik kasbiy ta’lim sohasini innovatsion rivojlantirish borasida mavjud muammolar atroflicha ko‘rib chiqilib, yangi imkoniyatlar va ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.05.2022
- Ko'rishlar: 4149
- Chop etish