"Ijtimoiy fikr" Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayoni, mamlakatimiz asosiy Qonunini bugungi davr talablariga mos ravishda takomillashtirish zaruriyati, davlatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi uchun huquqiy asos yaratish haqida jamoatchilik fikrini o‘rganishga bag‘ishlangan kompleks tadqiqot o‘tkazdi.
Bu haqda "Ijtimoiy fikr" RJFO‘M axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 88 foiz so‘rov ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar to‘plash jarayoni boshlanganidan xabardor. Bu mamlakatda kechayotgan siyosiy jarayonlarga jamoatchilik keng qatlamlarining jalb etilganidan, davlat taqdiri uchun fuqarolarning daxldorlik va javobgarlik hissidan dalolat beradi.
Aksariyat respondentlar - 83 foizi konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va zamonaviy sharoitlarda Konstitutsiyani takomillashtirish zaruriyatini e’tirof etadi.
Tadqiqot doirasida Konstitutsiyaviy komissiyaning faoliyati to‘g‘risida fuqarolarning xabardorligini aniqlash vazifasi qo‘yilgan edi, so‘rovning ko‘rsatishicha, 76 foiz respondent mazkur komissiyaning faoliyati to‘g‘risida biladi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 47,2 foiz respondentlar taqdim etilgan imkoniyatdan foydalanish va Asosiy qonunni takomillashtirish jarayonida ishtirok etishni o‘zi uchun muhim, deb hisoblaydi, 24,1 foiz fuqarolar ushbu imkoniyatdan foydalanib, amaldagi Konstitutsiyaga kiritish uchun o‘z taklif va qo‘shimchalarini taqdim etib ulgurgan.
Tadqiqot davomida mamlakat Asosiy qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishning boshlangan jarayoni to‘g‘risida olinayotgan axborot manbalari o‘rganildi. 32,8 foiz so‘ralgan fuqarolar ushbu axborotni televidenie orqali olganlar. SMS-xabarlarni yuborishning ham ahamiyati kam bo‘lmadi – ular orqali axborotni 23 foiz respondentlar olishgan. Telegramm-kanallar yordamida bunday axborotni 17 fioz respondentlar, ijtimoiy tarmoqlardan (feysbuk, instagram) esa 15 foiz so‘rov ishtirokchilari olganlar.
Jamoatchilik fikri so‘rovining tahlili shuni ko‘rsatdiki, so‘rov ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, Konstitutsiyada aks ettirilishi lozim bo‘lgan asosiy dolzarb yo‘nalishlar – bu davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlashni kuchaytirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarining (nogironligi bo‘lgan shaxslar, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar, boquvchisini yo‘qotgan ayollar, keksalar va pensionerlar) ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, shuningdek, yoshlarning davlat va jamiyatdagi rolini mustahkamlash masalalari hisoblanadi.
Tadqiqot, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik huquqlarni amalga oshirish masalalari muhim yo‘nalish hisoblanishini ko‘rsatdi. Respondentlar umuminsoniy, milliy va oilaviy qadriyatlarni shakllantirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratish, xususiy mulk muhofazasini kuchaytirish kabi yo‘nalishlar va ta’lim sifatini ta’minlash masalalarini ham tilga olishdi.
Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, so‘rov ishtirokchilari mamlakatning Asosiy qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish katta mas’uliyatni va har bir fuqaroning ishtirokini talab qiladigan, mamlakatning istiqboldagi rivojiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan jarayon ekanligini anglaydilar.
Umuman olganda, jamoatchilik fikrining o‘tkazilgan kompleks tadqiqoti shuni ishonch bilan ko‘rsatmoqdaki, Asosiy qonun o‘zining yangi tahririda, hech shubhasiz, jamiyat va davlat hokimiyatining birgalikdagi jamoaviy sa’y-harakatlari natijasi bo‘ladi, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar mohiyati bilan esa hokimiyat organlari faoliyatining diqqat markazida inson turishi, amalga oshirilayotgan barcha konstitutsiyaviy islohotlarning oliy maqsadi – har bir fuqaroga o‘zini, qobiliyatlarini to‘la ro‘yobga chiqarish imkonini beradigan, fuqarolar uchun munosib turmush sharoitini yaratishdan iborat bo‘lishi kerakligi ta’kidlanmoqda.
«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati
- Qo'shildi: 29.06.2022
- Ko'rishlar: 4215
- Chop etish