O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya raisi, akademik Akmal Saidov bilan Bosh qomusimizga kiritilayotgan yangiliklar, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan umumxalq muhokamalari mohiyatiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.

Unda Oliy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman, tumanlararo va shahar sudlari raislari, sudyalari va xodimlar ishtirok etdi.

 Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlat barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

 O‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy- ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bu esa Bosh qomusimizda "Yangi O‘zbekiston - ijtimoiy davlat" tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

 Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan aholi fikr va takliflarini qabul qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.

 Pirovardida yurtimizda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o‘zi ham bevosita ishtirok etmoqda.

 Bildirilgan takliflarning tahlili xalqimizning mamlakatda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga befarq emasligini, fuqarolar islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotganligini ko‘rsatmoqda.

 Xalqimiz tomonidan berilgan takliflar, shuningdek davlatimiz rahbarining Komissiya a’zolari bilan uchrashuvda "insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak" degan tamoyil asosida bergan takliflaridan kelib chiqib "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi.

 Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Konstitutsiyamizning 60 dan ortiq moddasiga 200 dan ortiq tuzatish kiritishni nazarda tutmokda. Konstitutsiyaga o‘zgartishlar "inson-jamiyat-davlat" prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyamizning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.

 Qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanadi.

 O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekanligi belgilab qo‘yilmoqda. «Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi» ekanligi belgilanmoqda.

 Uchrashuvda Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga bevosita e’tibor qaratildi. Jumladan, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar avvalo "inson qadri uchun" degan tamoyilni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bo‘lib, Konstitutsiyaga taklif olish jarayonida fuqarolarimizdan kelib tushgan eng ko‘p takliflar, aynan insonning shaxsiy huquq va erkinliklarini kafolatlashni jiddiy ravishda kuchaytirishga qaratilganligi bilan alohida ahamiyat kasb etdi. O‘z navbatida loyiha bilan Konstitutsiyamizning mazkur masalaga bag‘ishlangan normalari ham tubdan takomillashtirildi.

 Muloqot jarayonida uchrashuv ishtirokchilari Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdi.

Oliy sud | Rasmiy kanal

Powered by GSpeech