Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan “Qonun himoyasiga hayot baxshida...” nomli kitob nashr etildi. Bundan oldin Toshkent viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan “Qonun himoyasi – muqaddas burch” kitobi chop etilgandi. Har ikki kitob mamlakatimiz prokuratura tizimi tashkil topganining 30 yilligiga bag‘ishlangan.
Yangi nashrlarda prokuratura tizimining shakllanishi, Mustaqillik yillarida tutgan o‘rni, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish davridagi joriy faoliyati yoritilgan. Kitoblar sahifalarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida ishlayotgan masʼul xodimlar va tizim faxriylari haqida atroflicha maʼlumotlar berilgan.
Jumladan, ushbu nashrlarda qayd etilganidek, adliya maslahatchisi Farida Haqberdiyeva 1957 yil 6 iyul kuni Qarshi shahrida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent Davlat universiteti (hozir – O‘zbekiston Milliy universiteti) Huquq kafedrasi ilmiy xodimi vazifasidan boshlagan. Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Falsafa va huquq institutida kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.
Farida Haqberdiyeva prokuratura organlarida qariyb chorak asar fidokorona xizmat qilgan. Xususan, 1990 yildan:
-
Toshkent shahar Akmal Ikromov tumani prokuraturasi ish o‘rganuvchisi;
-
Akmal Ikromov tumani prokurori yordamchisi;
-
Toshkent shahar prokurorining kadrlar bo‘yicha yordamchisi;
-
Toshkent shahar prokuraturasi Umumiy nazorat bo‘limi prokurori;
-
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Sudlarda fuqarolik ishlari ko‘rilishida prokuror vakolatini taʼminlash bo‘limi prokurori;
-
Toshkent shahar prokurorining kadrlar bo‘yicha katta yordamchisi;
-
Toshkent viloyati prokuraturasi Sudlarda fuqarolik ishlari ko‘rilishida prokuror vakolatini taʼminlash bo‘limi prokurori;
Fuqarolarning murojaatlari va xatlar bo‘yicha katta yordamchisi lavozimlarida samarali faoliyat olib borgan.
Farida opa 2012 yili yoshga doir nafaqaga chiqqan. Hozirgi kunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi lavozimida mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 08.07.2022
- Ko'rishlar: 5839
- Chop etish