2022 yil 13 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisi Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisini yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi.
Qayd etilganidek, 2021 yilning 17 sentyabrida Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti va 28 noyabr kuni Ashxobodda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining sammitlari doirasida o‘tgan oliy darajadagi muloqotlarda bildirilgan siyosiy iroda bir-biriga qo‘shni bo‘lgan va o‘z mintaqalarida muhim geosiyosiy o‘rin tutgan davlatlarimizning ikki tomonlama aloqalari rivojiga ijobiy turtki berdi. Mazkur uchrashuvlar asnosida ilgari surilgan takliflarning amaliy ijrosi kelajakda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik munosabatlarimizni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Muloqot chog‘ida mehmonga mamlakatimiz parlamenti, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.
O‘z navbatida, M. Qolibof konstruktiv va amaliy ruhdagi muloqotlarni izchil davom ettirish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.
O‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Eron o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashda parlamentlarning rolini kuchaytirishga kelishib oldi.
Eron parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 13.07.2022
- Ko'rishlar: 5001
- Chop etish