Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi

Joriy yilning 14 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekiston – Yevropa ittifoqi” parlament hamkorligi qo‘mitasidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi rahbari A. Saidov Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari, Elchi Sharlotta Adrianning iltimosiga ko‘ra uchrashdi.

Uchrashuvda Yevroparlament va Yevropa Ittifoqining hamkor davlatlar parlamentlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va bu borada xorijiy mamlakatlarning parlamentlari o‘rtasida kelgusidagi vazifalar hamda o‘zaro tajriba almashish ishlarini yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. 

Sh. Adrian kirish so‘zida uchrashuvga rozilik berilgani uchun Qonunchilik palatasining rahbariyatiga o‘z minnatdorligini bildirgan holda Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosati, jumladan, ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi barqaror rivojlanishni ta’minlashda parlamentning roli muhim ahamiyat kasb etayotganligini ta’kidladi.

Elchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoevning siyosiy irodasi va tashabbuslari natijasi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar bilan bir qatorda, Yangi O‘zbekistonning “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida olib borilayotgan tizimli va jadal islohotlar Markaziy Osiyoda yetakchi davlat sifatida o‘zini namoyon qilayotgani, shuningdek, mintaqadagi barqaror vaziyatni ta’minlashda o‘ta muhim o‘ringa egaligini alohida qayd etdi.

Elchi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzi yanada yuqori darajaga ko‘tarilayotganligini hamda uning mamlakatdagi keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishda xalqaro normalarda aks ettirilgan hamda xalqaro tuzilmalar tomonidan bildirilgan tavsiyalarni e’tibordan chetda qoldirmayotganligini Yevropa Ittifoqi katta qiziqish bilan kuzatayotganini e’tirof etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tashqi siyosati pragmatik ochiq va shaffof yuritilayotgani mamlakatda tinchlik-barqarorlik, inson qadrini ulug‘lash, uning demokratik jamiyatda huquqiy kafolatlarini ta’minlash va boshqa sohalardagi amalga oshirilayotgan ishlarda namoyon bo‘lmoqda.

Bundan tashqari Elchi ayni vaqtda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi keng jamoatchilik va xalq muhokamasidan o‘tayotgani, konstitutsion islohotlarni amalga oshirilishi qizg‘in muhokamalarga boy bo‘layotgani, shuningdek, hozirgi kunga qadar aholi tomonidan turli innovatsion platformalar orqali mazkur qonun loyihasi bo‘yicha bildirilayotgan takliflarning har biri sinchkovlik bilan puxta tahlil qilinishi hamda ushbu jarayonlar ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida o‘tkazilishini ta’minlashdagi parlament vakillarining faol ishtiroki tahsinga sazovorligini e’tirof etdi.

Sh. Adrian suhbat yakunida Yevropa Ittifoqining “Inter Pares” loyihasi doirasida parlamentda qonun ijodkorligi sohasida samaradorlikni oshirish, jamiyatda gender tenglikni ta’minlash, innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish, ilmiy tadqiqot olib borish va o‘zaro tajriba almashishda yaqin hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishga doir o‘z takliflarini bildirdi.

O‘z navbatida Qonunchilik palatasi vakillari ham bu borada innovatsion samarali va noodatiy mexanizmlarni amalga oshirishda yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi.

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

Powered by GSpeech