Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati uzaytirildi

2022 yil 15 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining umumxalq muhokamasi haqidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, deputatlar tomonidan hududlarga chiqilgan holda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda fuqarolar ishtirokida qator uchrashuvlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Umumxalq muhokamasi davomida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholi va fuqarolik jamiyati institutlaridan 85 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Aholi va fuqarolik jamiyati institutlarining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan fikr-mulohaza bildirishda faolligi ortib borayotganligi, kelib tushayotgan takliflar soni tobora oshayotganligi umumxalq muhokamasining muddatini yana uzaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasining muddatini 2022 yil 1 avgustgacha uzaytirish haqida qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Nashr sanasi 15.07.2022 Ko'rishlar 7 618
Ulashish